Namanganda suv toshqini sabab 100 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Avvalroq Namangan viloyatida sel kelishi oqibatida viloyatning Kosonsoy tumanidagi ko‘prik talafot ko‘rgani va harakatlanish uchun yopilgani haqida xabar bergan edik.

Viloyat FVB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Namangan viloyati hududida kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida Namangan shahar, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on hamda Uychi tumanlarining ayrim mahallalarida aholi yashash xonadonlari, ko‘chalarga suv toshishi holatlari kuzatilgan. 

Ayni vaqtda Namangan viloyat hokimi hamda sektor rahbarlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i hamda texnika vositalari va qutqaruv otryadlari jalb etilib, yuzaga kelgan holatni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida sodir bo‘lgan suv toshqini natijasida aholi yashash xonadonlarida to‘planib qolgan suvlarni tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Hodisa joylariga maxsus avtomobillar va xizmatchilar yong‘in qutqaruv qismi shaxsiy tarkibi, shu bilan birga hamkor tashkilotlardan 80 ta texnika va 584 nafar ishchi xodimlari jalb etildi.

Namangan shahar "Yuksalish" MFYda joylashgan 4,5,6,-ko‘p qavatli uylarni yer to‘lasida suv to‘planganligi sababli ko‘p qavatli uyda yashovchi 100 nafar fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilinib, yer to‘ladagi to‘planib qolgan suvlarni 4 ta yong‘in qutqaruv avtomobili va 8 ta suv tortish nasoslari (motopompa) orqali tortish choralari ko‘rilgan. Shu bilan bir qatorda Namangan shahar Davlatobod tumani Yelixon mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi Shishaki soyi yaqinida joylashgan 7 ta xonadondagi 32 nafar fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.

Shuningdek, Pop tumani, “Imomota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida sel kelishi kuzatilgan. Sel toshqini oqibatida zararlangan yo‘llarda qayta tamirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

“Jabrlangan, tan jarohat olganlar yo‘q. Fuqarolarimizdan vahimaga berilmaslik va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham kecha, 20 iyul kuni Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik yuzaga kelib, Andijon va Namangan viloyatlari tumanlarida aholi uylariga suv toshib kirgani haqida ma’lumot berdi.

“Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq va Andijon tumanlari, Namangan viloyatining Namangan shahri, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Davlatobod va Uychi tumanlarida joylashgan aholi xonadonlarining tomorqalari va hovlilariga suv toshib kirish holatlari kuzatilgan.

Voqea joyiga Andijon va Namangan viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari shuningdek, viloyat hokimliklari, IIB, MG rahbariyati va shaxsiy tarkibi hamda FVDT xizmatlari kuch-vositalari jalb etilib, suv oqimi oqibatlarini bartaraf etish hamda aholi tomorqalaridan suvni chiqarish ishlari olib borildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishcha, kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida aholi yashash uylariga zarar yetmagan va jabrlanganlar yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

suv toshqini sel

Baholaganlar

79

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing