Namanganda Spark'ni ijaraga olgan o‘quvchilar avariyaga uchradi (video)
3-sahifa
−
19 aprel 5997 2 daqiqa
Joriy yilning 15 aprel kuni Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanida o‘quvchilar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Yangi Namangan tumanidagi 70- sonli maktabning 2 nafar 8-sinf o‘quvchisi Telegramʼdagi avtomashinalarni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi guruhdan Spark avtomashinasini 1 million so‘m evaziga 8 soatga ijaraga olgan.
Ular mashinani katta tezlikda boshqarib ketayotganida yo‘l chetidagi beton to‘siqqa borib urilgan. YTH oqibatida bolalar turli tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.
“Eng achinarlisi, ushbu bolalar tahsil oladigan maktabda viloyat YHXB tomonidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Aynan shu bolalarning voyaga yetmagan holda avtomashina boshqargani uchun ularning ota-onalari, ustozlari, mas’ullar ogohlikka chaqirilgan edi. Bolaning tegishli xulosa chiqarmagani uni halokatga yetakladi”, deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, bolalarga mashinani ijaraga bergan shaxsning o‘zi hali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan. U mashinani joriy yilning 12 aprel kuni Toshkent shahrida yashovchi fuqarodan sotib olgani aniqlangan. Mashina egasi qilgan ishidan pushaymonligini aytib, bu xatoni qayta takrorlamasligini aytgan.
YTH sodir etgan o‘quvchilardan biri soatiga 120 tezlikda mashinaning tormozi ishlamay qolgani, mashina ijarasi uchun pulni otasining ishxonasidan olganini, bundan esa uning xabari bo‘lmaganini aytgan.
Bolaning otasi bunday holatlar Namangan viloyatida juda ko‘plab uchrayotganini aytib, mashinasini voyaga yetmaganlarga ijaraga berayotgan “tadbirkor”larni pul uchun vijdonini sotmaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 aprel kuni Namangan viloyatining Davlatobod tumanida maktab o‘quvchilari boshqaruvidagi Nexia-3 yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgandi. Surishtiruv ishlari davomida ma’lum bo‘lishicha, 11-sinf o‘quvchisi avtomobilni 9-sinf o‘quvchilariga 2 soatga, 220 ming so‘m evaziga ijaraga bergan.
Live
Barchasi