Namanganda sodir bo‘lgan YTHda 2 kishi halok bo‘ldi
Jamiyat
−
14 may 2021
3980Namangan viloyati Norin tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 2 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 12 may kuni soat 10:30 larda, Cho‘ja-Haqqulobod yo‘lining 22-kilometrida Norin tumani “Bo‘zo‘lmas” MFY hududida Norin tumanida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro Nexia rusumli avtomobilini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, qarshisidan harakatlanib kelayotgan, Norin tumanida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Damas rusumli avtomobili bilan to‘qnashgan.
So‘ngra ushbu avtomobilning ortidan harakatlanib kelayotgan, Namangan tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi UAZ rusumli avtomobil bilan to‘qnashib ketgan.
Oqibatda Nexia rusumli avtomobilda bo‘lgan ikki nafar – norinlik va andijonlik yo‘lovchilar og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
Shuningdek, Nexia rusumli avtomobil haydovchisi bosh miya chayqalishi, o‘ng ko‘krak qovurg‘a suyaklarining yopiq sinishi, o‘ng oyoq boldir suyagining yopiq sinishi bilan, uning yo‘lovchilari ham tegishli tashxislar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Ushbu holat bo‘yicha Norin tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 12 may kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.