Namanganda shifokorning kaltaklangani bo‘yicha SSV munosabat bildirdi

3-sahifa

image

Avvalroq Namangandagi poliklinikada fuqaro tibbiyot xodimini ayovsiz kaltaklagani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, vazirlik mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda. 

“Namangandagi poliklinikada tajovuzga uchragan shifokor manfaatlari himoya qilinadi. Ushbu tajovuz nima sababdan yuz bergani aniqlashtirilib, jarayonga huquqiy baho berish maqsadida tegishli organlar tomonidan aybdorlarga nisbatan keskin jazo choralari ko‘rilishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan Namangan viloyati IIB rasmiy ma’lumot berdi. Aniqlanishicha, Namangan shahar 10-sonli oilaviy poliklinikada ishlovchi shifokor oldiga ikki fuqaro sog‘lig‘i yaxshi emasligi va tana harorati ko‘tarilib ketganidan shikoyat qilib, tibbiy yordam so‘rab kelgan. 

So‘ngra, shifokor tibbiy ko‘rikni o‘tkazib, tana harorati ko‘tarilmaganini aytganida, ko‘rikka kelgan fuqarolardan biri noto‘g‘ri tashxis qo‘yildi, deb janjal ko‘tarib shifokorni urgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, shifokorni olgan tan jarohati bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bugun, 4 avgust kuni berilgan xulosaga ko‘ra, shifokorga sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lgan “yengil” tan jarohati yetkazilgani aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yuqoridagi kabi holat yuz bergandi. Unda fuqaro shifokorga farzandini davolashga kelmaganligini aytib, feldsher va shifokorni do‘pposlagan. Joriy yilning mart oyida tibbiyot xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qilish bo‘yicha Toshkentda ikkita va Jizzaxda bitta holat qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

179

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing