Namanganda mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
04 fevral 7520 2 daqiqa
Namangan viloyatining Pop tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish borasida Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududlarda tekshiruv ishlari o‘tkazilgan.
Unga ko‘ra, muassasa mansabdor shaxslarining o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashuvlari natijasida – xo‘jalik yer maydonlarini ijaraga olgan 5 nafar tadbirkor tomonidan tegishli tashkilotlar ruxsatisiz, o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlar qurilib, yer uchastkasining ixtisoslashuvi o‘zgartirilishi oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, 460 nafar ijarachilardan ijara pullari undirilmagani oqibatida davlat manfaatlariga 1 mlrd 480 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Qolaversa, o‘rmon xo‘jaligi mansabdorlari ayrim ijarachilar bilan til biriktirib, 2023-2025 yillar davomida jami 5356 metr/kub noruda materiallarni noqonuniy qazib olib, davlatga 1 mlrd 322 mln so‘mlik zarar yetkazgan.
Tezkor tadbirda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining bo‘lim o‘rmonbegisi muqaddam xo‘jalik balansida bo‘lgan va keyinchalik tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yerlardan 20 sotix qismini tanishlari orqali Chust tumanida yashovchi fuqaroga turar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu pul mablag‘idan 500 AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibini buzgan holda, mahalliy tadbirkorga xo‘jalik balansidagi 50 sotix yer maydonini shartnoma asosida ijaraga berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu mansabdor shaxs muqaddam bir necha bor sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Pop tumanida hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 90 sotix yerni 4500 AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgandi.
Live
Barchasi