Namanganda qadimiy quvurlar topildi (foto)

Jamiyat

image

Namangan viloyatidagi 100 gektarga yaqin qismi butun saqlangan Axsikent yodgorligida qadimiy ashyolar topildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Axsikentda XI qazuv ob’ektidan so‘nggi ellik yildagi eng nodir topilmalar aniqlangan. Arxeologlar transheya qazish jarayonida kengligi 2,3 metrlik zinapoyaga duch kelgan. Yer tubi tomon to‘rt metr qazilganda sirli yo‘lakning bus-butun arkalariga duch kelingan.

Bu yerdan 10 ming kubometr tuproq chiqarilgach, yo‘lakning 12 pog‘onasi ochilgan. Aynan shu nuqtadan yetti metr sharqda qadimshunoslar yana ikkita noyob yerosti yo‘llariga duch kelgan. Taxminlarga ko‘ra, har ikki arkasimon yo‘lak, dastlabki topilgan katta yo‘lga bog‘lanadi. Barcha yo‘laklar butun, arkasimon holda, metro uslubida nafislik bilan pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan.

Hozirda italyancha deya ta’riflangan rakovina, yerosti, pol osti isitish tizimi, nafis sopol quvurlari bilan butun holatda topilgan qo‘l yuvish vositalari ham aynan shu ob’ektdan 2024 yilgi qazuvlar jarayonida topilgan.

“Bu ob’ektning ustini oktyabr oyida uzil-kesil yopishimiz kerak. Agar quruvchilar bunga ulgurishmasa, yana tuproq tashlab konservatsiya qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ob’ekt o‘ta noyob”, deydi Axsikent ekspeditsiyasi rahbari, professor Abdulhamid Anorboyev.

Hozirda muzlashtirilayotgan qismlar quyidagilardan iborat:

XVIII qazuv ob’ekti — X−XII asrlarda faoliyat yuritgan yer osti suv inshootining kuzatuv punkti, birinchi shahristonning XIII asrning boshlariga oid Xorazmshohlar davrida qurilgan mudofaa devori va turar joy qoldiqlari;

XI qazuv ob’ekti — XI−XII asrlarga oid pishiq g‘ishtdan qurilgan gumbazli tagxona va mahobatli turar joy qoldiqlari, Farg‘ona vodiysida ilk bor topilgan qoraxoniylar davri devoriy rasm namunalari hamda yuqorida qayd etilgan yerosti inshootlari va nodir qurilmalar mavjud;

XIX qazuv ob’ekti — shaharning eramizdan avvalgi III−I asrlarda qurilgan mahobatli mudofaa devorlari va yerosti suv yo‘li;

XXIV qazuv ob’ekti — XI−XII asrlarga oid mahobatli turarjoy qoldiqlari aniqlangan.

Hokimlik matbuot xizmati yodgorlik va undagi so‘nggi topilmalar haqida National Geographic hujjatli film suratga olishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Axsikent yodgorligi qadimiy shahar xarobasi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shahand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Axsikat shahri miloddan avvalgi III−II asrlarda vujudga kelgan, IX−X asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti bo‘lgan. 1219 yil mo‘g‘ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Uning eski o‘rnidan 5−7 km g‘arbda bunyod etilgan yangi shahar Axsi XIV−XVII asrlarga oiddir.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan qadimiy quvurlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing