Namanganda IIB xodimlari noqonuniy tintuv o‘tkazdimi? (video)
Jamiyat
−
10 mart
12209Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida IIB xodimlari fuqaroning yashash xonadonida noqonuniy tintuv o‘tkazgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlar yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 25-26 fevral kunlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qo‘shma qaroriga asosan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolarini o‘rganish, chegaraoldi hududlarida jamoat hamda aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan Uchqo‘rg‘on tumanining chegaraoldi hududlarida targ‘ibot va reyd tadbirlari olib borilgan.
Bunda mahalliy aholi bilan suhbatlar o‘tkazilib, yashash xonadonlarida noqonuniy tovarlar saqlamaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan. Bildirilishicha, fuqarolarning xonadonlarida bo‘lish ularning roziliklari bilan amalga oshirilgan.
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi” qonunning 17-moddasiga asosan, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarga tegishli bo‘lgan turarjoylarda, yer uchastkalarida ularning roziligi bilan bo‘lish huquqiga ega.
Shu bilan birga, joriy yil 26 fevral kuni mazkur tadbirga jalb etilgan ayrim xodimlar tomonidan tadbirning mazmun-mohiyati noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida ushbu tadbir videotasvirlarida aks etgan holatlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Hozirda xabarni noto‘g‘ri talqin qilib ijtimoiy tarmoqlarga tarqalishiga sababchi bo‘lgan xodimga nisbatan viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tadbirlar davomida hech qanday tergov yoki boshqa protsessual harakatlar, shu jumladan “tintuv” harakatlari olib borilmagan va tadbir fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish kabi maqsadlarda amalga oshirilgan.
Jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra, “tintuv” o‘z mohiyati va amalga oshirish mexanizmiga ko‘ra butunlay boshqa huquqiy tabiatga ega bo‘lgan tergov harakatidir.
Tintuv chog‘ida jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik narsalar, buyumlar, hujjatlar yoki elektron ma’lumotlar qidiriladi va olinadi. Bunda, zaruratga ko‘ra, xonadondagi barcha joylar va mulklar (shkaf va berkitish (saqlash) mumkin bo‘lgan boshqa joylar) birma-bir tekshirilib, belgilangan bayonnoma rasmiylashtiriladi.
“O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 121-moddasiga asosan, OAVlari internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirilguniga qadar uning to‘g‘riligini tekshirishi lozim. Shunga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan, OAVlardan aholi hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi