Namanganda 152 marta tezlikni oshirib, 410 mln jarima yozilgan Hyundai haydovchisi aniqlandi (video)
Jamiyat
−
12 aprel 2023
14111Namangan viloyati Namangan shahrida 152 marta tezlikni oshirib, qoidabuzarlik sodir etgan va buning uchun 410 million jarima yozilgan soxta raqamli Hyundai Sonata avtomashina haydovchisi aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 31 mart kuni soat 23:30 da Davlatobod tumani Islom Karimov ko‘chasida Hyundai Sonata rusumli avtomashina yo‘l patrul xizmati inspektorlari tomonidan to‘xtatilib, haydovchidan tegishli hujjatlar so‘ralgan. Haydovchi esa avtomobil unga tegishli emasligini aytib, hech qanday hujjat taqdim etmagan. Shundan so‘ng avtomobil belgilangan tartibda jarima maydoniga olib ketilgan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilganda transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi yo‘qligi hamda mashina raqami davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi aniqlangan.
Chust tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli bo‘lgan ushbu mashinada sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar o‘rganilganda, haydovchi joriy yil 1 aprel oyiga qadar jami 152 marta harakat tezligini oshirgani va ushbu qoidabuzarliklari ortidan yuzaga kelgan jarima miqdori 410 million so‘m miqdorga yetgani ma’lum bo‘lgan. Ammo mashinaning davlat raqam belgisi haqidagi ma’lumotlar tizimda mavjud bo‘lmagani uchun sodir etilgan huquqbuzarliklarga nisbatan jarima solishning imkoni bo‘lmagan. Haydovchi Hyundai Sonata soxta raqamli mashinasini istalgan tezlikda boshqarib, odamlar hayotiga xavf solib kelgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tegovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Avtomashina esa jarima maydonida saqlanayotgani aytilgan.
LiveBarchasi