Naq 3 ta laboratoriya Aleksey Navalniy tahlillarida “Novichok” borligini aniqladi
Olam
−
14 Sentabr 2020
5982Germaniya hukumati yevropalik sheriklaridan Aleksey Navalniydan olingan namunalarni tekshirishni so‘radi. Uchta mustaqil laboratoriya, shu jumladan, Fransiya va Shvetsiyadagi laboratoriyalar Navalniyning tahlillarida "Novichok" guruhiga kiruvchi kimyoviy modda borligini tasdiqlagan. Tegishli bayonot bugun, 14 sentyabr kuni Germaniya Vazirlar Mahkamasi tomonidan e’lon qilindi.
"Germaniya hukumati Fransiya va Shvetsiya bilan birgalikda boshqa yevropalik sheriklaridan Navalniyning yangi namunalari asosida Germaniyaning xulosalarini mustaqil ravishda qayta tekshirishni iltimos qildi. Fransiya va Shvetsiyadagi maxsus laboratoriyalar tomonidan o‘tkazilgan ushbu test natijalari mavjud va ular Germaniya natijalarini tasdiqlashdi", deyiladi matnda.
Avvalroq, Berlinning Bundesver laboratoriyasida Navalniyning tahlillari qayta o‘rganilgan va unda "Novichok" guruhiga kiruvchi kimyoviy modda topilgan. Bu kimyoviy qurolni taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiyani jiddiy buzish hisoblanadi.Shu munosabat bilan Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti Navalniy ishidagi dalillarni tekshirishda ishtirok etdi.
"Tashkilot Navalniydan namunalar oldi va ularni mos laboratoriyalarda tekshirish uchun zarur choralarni ko‘rdi.
Olib borilayotgan izlanishlardan qat’i nazar, uchta laboratoriya parallel ravishda Navalniyning zaharlanishiga "Novichok" zahari sabab bo‘lganini tasdiqlagan.
Biz yana Rossiyani nima bo‘lganiga aniqlik kiritishga chaqiramiz. Keyingi qadamlarda yevropalik sheriklarimiz bilan yaqin aloqadamiz", deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, hozirda Navalniy gapira olayotgani va katta ehtimol bilan shifoxonaga yotqizilguncha, samolyotda bo‘lgan voqealarni eslay olishi aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotganda tobi qochib, zudlik bilan Omskdagi shifoxonaga yotqizilgan.
Uning tarafdorlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushgan. Ammo ikki kun davomida Omskdagi shifoxona shifokorlari uni ko‘chirishga ruxsat bermay kelgan.
Bu orada Navalniyni zaharlangan deb taxmin qilayotganlar bu harakatni Kremlning rejasi deb baholadi. Ikki kundan keyin siyosatchi Berlinga olib ketildi. Germaniya Hukumati Rossiyadan holat bo‘yicha shaffof tekshiruv boshlashni so‘radi. Kreml bu chaqiruvga munosabat bildirib, zaharlanishni isbotlovchi dalil yo‘qligini ma’lum qildi.
Rossiya esa bildirilayotgan ayblovlarga nisbatan, G‘arb davlatlari va NATOni "Novichok" guruhiga kiruvchi kimyoviy modda o‘ylab topishda aybladi.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi