Nyu-yorklik erkak dron texnologiyasini Rossiyaga o‘tkazganini tan oldi
Olam
−
01 may
10658Nyu-yorklik Nikolay Grigorev Rossiya harbiy dronlarida qo‘llaniladigan AQSHning ikki tomonlama elektron komponentlarini noqonuniy ravishda Rossiyaga eksport qilish bo‘yicha til biriktirganlikdagi aybiga iqror bo‘ldi. 36 yoshli erkakning kompaniyasi Rossiya Qurolli kuchlari bilan bog‘liq sanksiyalangan Rossiya kompaniyasiga texnologiya eksport qilgan. Bu haqda kecha, 30 aprel kuni AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.
“Bugun o‘z aybiga iqror bo‘lar ekan, sudlanuvchi Putinning Ukrainaga qarshi noqonuniy urushini qo‘llab-quvvatlovchi Rossiya kompaniyalariga 250 ming dollardan ortiq qiymatdagi AQSHning nozik uchuvchisiz qurilmalari texnologiyasini kontrabanda qilish uchun til biriktirganini tan oldi”, deydi Bosh prokuror o‘rinbosari Liza Monako.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p sonli soxta buyurtmalar va elektron o‘tkazmalarni o‘rgangan huquq-tartibot idoralari xodimlarining tezkor harakatlari natijasida 11,5 mingdan ortiq elektron komponentlar Rossiya Federatsiyasi harbiy-sanoat majmuasiga yetib borishiga yo‘l qo‘ymagan.
“Adliya vazirligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz tajovuzini qo‘llab-quvvatlash uchun bizning sanksiyalarimiz va eksport nazoratimizni e’tiborsiz qoldirganlarni – ular Nyu-Yorkda yoki xorijda joylashgan bo‘lsin, javobgarlikka tortishda davom etadi”, deydi Monako.
Yana ikki ayblanuvchi – Nikita Arxipov va Artem Olovyannikov ozodlikda qolmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Grigorev Bruklindagi Quality Life Cue LLC (QLC) kompaniyasi orqali texnika eksport qilgan. Kompaniya Grigorev va Olovyannikov tomonidan ro‘yxatga olingan va nazorat qilingan. Arxipov QLC elektron pochta hisobidan foydalangan. Ayblanuvchilar ushbu kompaniya orqali Rossiyadagi Ukrainaga qarshi urush uchun uchuvchisiz samolyotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ikki tomonlama elektron komponentlar sotib olgan.
Ushbu tashkilotlarning eng ko‘zga ko‘ringanlari Rossiyaning SMT-iLogic texnologiya kompaniyasi bo‘lib, u 2023 yil may oyida Rossiya harbiy uchuvchisiz samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetkazib berish zanjiri ishtirokchisi sifatida sanksiyalangan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 22 oktyabrdan 2022 yil 22 fevralgacha SMT-iLogic’dan QLC hisoblariga taxminan 272 830 AQSH dollari miqdoridagi pul o‘tkazmalari kelib tushgan. Elektron pochta yozishmalarida ayblanuvchilar AQSH eksport cheklovlarini chetlab o‘tishga urinishlarini, shu jumladan Qozog‘iston kabi uchinchi mamlakatlardagi front kompaniyalaridan foydalanishni ochiq muhokama qilgan.
“O‘z aybiga iqror bo‘lganini inobatga olgan holda, Grigorev 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin”, deyiladi bayonotda.
LiveBarchasi