MYU va “Chelsi” pley-offda: YeCHLda nimalar sodir bo‘ldi? 

Sport

image

Kecha, 23 noyabr kuni UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichining 5-turidan o‘rin olgan 8 ta uchrashuv o‘tkazildi.

“F” guruhida “Manchester Yunayted” safarda “Vilyarreal”ni mag‘lub etib, pley-off bosqichiga yo‘l oldi. “Qizil iblislar”ni ushbu uchrashuvga sobiq futbolchi Maykl Kerrik murabbiy sifatida boshlab tushdi.

Birinchi bo‘limda jamoalarda bir qancha qulay vaziyatlar bo‘lgan bo‘lsada, tomoshabinlar golga guvoh bo‘lishmadi.

Mankunianliklar ikkinchi bo‘lim 78-daqiqasida Krishtianu Ronalduning aniq zarbasi evaziga hisobni ochishdi. Ushbu vaziyatda 36 yoshli portugaliyalik futbolchi “sariq suv osti kemasi” darvozaboni ustidan to‘pni darvozaga tashlab qo‘ydi. 90-daqiqaga kelib, Jeydon Sancho ajoyib kombinatsiyani golga aylantirdi – 0:2. Bu uning MYU safida barcha turnirlardagi birinchi goli bo‘ldi.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda esa “Yang Boyz” (Shveysariya) va “Atalanta” (Italiya) durangga imzo chekdi.

Shu tariqa “Manchester Yunayted” 10 ochko jamg‘arib, YeCHL 1/8 final bosqichiga yo‘llanmani naqd qildi. Qolgan jamoalarning taqdiri so‘nggi turda hal bo‘ladi.

“Ye” guruhida Kiyevning “Dinamo” klubi o‘z maydonida “Bavariya”ni qabul qildi va mag‘lubiyatga uchradi. 

Myunxenliklar 14-daqiqada hisobda oldinga chiqib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu vaziyatda Robert Levandovski raqibdan qaytgan to‘pga akrobatik usulda zarba yo‘llab, jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi gol esa birinchi taym so‘ngida kiritildi. Kingsli Koman o‘z imkoniyatidan unumli foydalanib, oradagi farqni ikkitaga oshirdi.

Ikkinchi bo‘limning 70-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Denis Garmash hisobni qisqartirdi va ushbu natija o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi – 1:2

Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda “Barselona” o‘z maydonida “Benfika” bilan bahs olib bordi va uchrashuvda hisob ochilmadi – 0:0.

5-turdan so‘ng, barcha uchrashuvda g‘alabaga erishgan “Bavariya”ning keyingi bosqichga 1-o‘rin bilan chiqishi aniq bo‘ldi. 7 ochkoga ega “Barselona” va 5 ochko jamg‘argan “Benfika” ikkinchi yo‘llanma uchun kurashadi. So‘nggi turda Xavi shogirdlari Myunxenga safar qilsa, portugaliyaliklar o‘z maydonida “Dinamo Kiyev”ni qabul qiladi.

“N”  guruhida YeCHLning o‘tgan mavsumdagi g‘olibi “Chelsi” o‘z maydonida “Yuventus”ni qabul qildi va yirik hisobda (4:0) g‘alaba qozondi. 

Uchrashuvning 25-daqiqasidayoq Tomas Tuxel shogirdlari Trevor Chalobaning goli evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. 

Ikkinchi bo‘limda “Aristokratlar” “zebralar” darvozasini uch marta ishg‘ol qildi. Gollarga Ris Jeyms, Kallum Xadson-Odoi va Timo Verner mualliflik qildi.

Ushbu g‘alaba evaziga londonliklar pley-off bosqichiga yo‘l olishdi. Jamoa 12 ochko bilan guruhda birinchi o‘ringa chiqib oldi. “Yuventus” ikkinchi o‘ringa tushib qoldi, biroq turinliklar hisobida 12 ochko mavjud va 1/8 final chiptasi kafolatlangan.

Shuningdek, “Zenit” – “Malmyo” uchrashuvi 1:1 hisobida durang natija bilan o‘z yakuniga yetdi.

“G” guruhida “Lill” – “Zalsburg” (1:0) va “Sevilya” – “Volfsburg” (2:0) o‘yinlari o‘tkazildi. Har to‘rt jamoada pley-offga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qolgan.

Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasining 6-tur bahslari joriy yilning 7-8 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

EChL

Baholaganlar

284

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing