MyGov saytini soxtalashtirib, 456 kishining pulini o‘marganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
18 iyul 2708 2 daqiqa
Soxta mygov.uz platformasi orqali fuqarolarning bank kartalaridagi pullarni o‘zlashtirib kelgan kiberjinoyatchilar guruhi fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1993 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs davlatning rasmiy mygov.uz platformasiga o‘xshash soxta sayt yaratib, Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali uni “kompensatsiya rasmiylashtirish markazi” sifatida reklama qilgan. Fuqarolar soxta havola orqali saytga kirib, anketa to‘ldirgan va bank kartasi ma’lumotlarini kiritgan. Shundan so‘ng ularning hisobidagi pullar o‘g‘irlangan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi jinoiy faoliyatiga 2002 va 2006 yillarda tug‘ilgan yana ikki nafar shaxsni ham jalb qilgan. Ular 26 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 293 ta “drop” bank kartasidan foydalangan. O‘zlashtirilgan mablag‘lar mazkur kartalarga o‘tkazilib, keyinchalik Telegram’dagi maxsus kripto-botlar orqali kripto-aktivlarga aylantirilgan.
Bildirilishicha, jinoiy guruh respublika bo‘ylab 456 nafar fuqarodan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan. Mazkur holat Andijon viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida aniqlangan.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 278-6-moddasi (zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanida qariyb 11 million dollarlik kripto-aktivlarning noqonuniy aylanishini amalga oshirgan shaxs ushlangan edi.
Live
Barchasi