Mutlaq hokimiyat havasi: Putin yana prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish huquqini oldi
Olam
−
24 mart 2021
6583Rossiya Federatsiyasining amaldagi Prezidenti Vladimir Putin navbatdagi prezidentlik saylovida ham o‘z nomzodini ilgari surish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Bugun, 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Davlat Dumasi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu boshqa narsalar qatori Rossiya Federatsiyasining amaldagi Prezidenti Vladimir Putinga yana davlat rahbari lavozimiga nomzodini ko‘rsatish huquqini beradi
Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan yangi o‘zgarishga ko‘ra, bitta shaxs Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimini egallashi mumkin bo‘lgan muddatlar sonini cheklash, amaldagi davlat rahbariga avvalgi prezidentlik muddatlarini hisobga olmagan holda qo‘llaniladi.
Hujjat Davlat Dumasiga deputatlar Pavel Krasheninnikov va Olga Savastyanova, shuningdek, Federatsiya Kengashi a’zosi Andrey Klishas tomonidan noyabr oyida taqdim etilgan. Hujjat Rossiya Federatsiyasida kamida 35 yoshda bo‘lgan, Rossiyada kamida 25 yil doimiy yashagan, shuningdek, ilgari boshqa davlatning fuqaroligi yoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lmagan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi mamlakatning saylangan prezidenti bo‘lishi mumkinligini belgilaydi.
Ushbu qoida ilgari Rossiya Federatsiyasida federal konstitutsiyaviy qonunga muvofiq qabul qilingan yoki uning bir qismi qabul qilingan fuqarolarga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, ushbu tashabbusda Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi lavozimini egallaydigan shaxs uchun yosh chegarasi belgilangan. Taxminlarga ko‘ra, u 30 yoshga to‘lgan Rossiya fuqarosi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi uning taklifiga binoan tayinlangan mintaqaviy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyasi a’zosini muddatidan oldin faqat asoslantirilgan ariza asosida ozod qilishi mumkin, shu bilan birga yangi nomzod bo‘yicha taklif kiritilishi kerak. MSK, shuningdek, "Sirius" federal hududi uchun alohida hududiy saylov komissiyasini tuzish vakolatiga ega.
Ma’lumot o‘rnida, SSSRning qora ishlarini qilib kelgan KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)dan chiqqan, asli razvedkachi bo‘lgan Vladimir Putin mana 20 yildirki Rossiyada “umrguzaronlik” qilib kelyapti. Putin 1952 yil 7 oktyabr kuni Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg shahri)da tug‘ilgan.
Putin 1999 yil 16 avgust kuni Rossiya Bosh vaziri bo‘lgan. O‘sha vaqtdagi RF Prezidenti Boris Yelsin ko‘p o‘tmay, hokimiyatni Putinga topshirishini ma’lum qilgan. U 1999 yil 31 dekabrdan boshlab mamlakat rahbari vazifasini bajara boshlagan. 2020 yilgacha 16 yil davomida mamlakat Prezidenti bo‘lgan. 2008-2012 yillarda Dmitriy Medvedev Prezidentligi davrida u Bosh vazir lavozimini egallagan.
Vladimir Vladimirovich 2000, 2004, 2012 va 2018 yillardagi prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgan. 2012 yilda saylovdan oldin prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirilgan. Shu tariqa Putin yana ikki muddatga saylanish huquqini qo‘lga kiritgan.
Putinning amaldagi prezidentlik muddati 2024 yilda yakunlanadi. Bu uning so‘nggi saylanishi bo‘lishi kerak edi. Ammo uddaburon Vladimir qayta saylanish uchun zaminni kelasi saylovgacha hali 4 yil borligidayoq hozirlab qo‘ydi.
1 iyul kuni Rossiya Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish uchuch referendum o‘tkazildi. O‘zgartirishlarni saylovda qatnashganlarning 77,92 foizi ma’qulladi. 21,27 foizi esa qarshi bo‘ldi. Unga ko‘ra, Putinning prezidentlik muddatlari “nollashtirildi”. Endi u yana ikki marta prezidentlikka nomzod bo‘lishi va saylansa, 2036 yilgacha hokimiyatda qolishi mumkin.
67 yoshli Putin turmush o‘rtog‘idan ajrashgan. Uning ikki qizi (Mariya va Katerina) bor. Putinning oilasi u qadar katta bo‘lmagani uchun uning qarindoshlari yuqori lavozimlarni egallab o‘tirishi haqida ma’lumot yo‘q. Ammo uning hokimiyati “soya”sidan bahra olayotgan do‘stlari talaygina.
LiveBarchasi