Mutaxassis O‘zbekistonda kimlar koronavirusga qarshi emlanmasligini aytdi
Jamiyat
−
28 mart 2021
10453Avvalroq, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash ishlari joriy yilning aprel oyi boshida boshlanishi haqida xabar bergan edik.
Aholini emlash jarayoni boshlanishi arafasida O‘zbekistonda COVID-19’ga qarshi emlanadigan va emlanmaydigan aholi toifasi haqida ma’lumot berildi.
Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasining immunoprofilaktika bo‘limi mudiri, vrach epidemiolog Vazira Mutalova kimlar koronavirusga qarshi emlanishi mumkin emasligini ma’lum qildi.
"Emlash jarayonida oilaviy shifokor tomonidan vaksinalash uchun kelgan fuqaro, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bunda avvalambor fuqaroning sog‘lig‘iga: unda haroratning yo‘qligi, qon bosimining normal holatda bo‘lishiga e’tibor beriladi. Agar emlanuvchida dorivor vositalarga kuchli allergiya kuzatilgan bo‘lsa, u holda vaksinalashga tibbiy cheklov beriladi.
Shu bilan bir qatorda, ko‘rik paytida kishi harorati yuqori bo‘lsa, somatik yoki yuqumli kasallik simptomlari yuzaga chiqqan paytda ham tibbiy cheklov beriladi", deydi Mutalova.
Mutaxassis OIV infeksiyasiga chalingan va autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan, anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan shaxslarni, 18 yoshgacha bo‘lganlarni, homilador va emizikli ayollarni emlash tavsiya etilmasligini ta’kidlagan.
Umuman olganda, emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi. Har qanday holatda ham emlash to‘g‘risidagi qaror tibbiy ko‘rik natijasida qabul qilinadi.
Mamlakatda birinchilardan bo‘lib xavf osti guruhiga kiruvchi: 65 yoshdan oshgan aholi vakillari, tibbiyot xodimlari birinchi navbatda emlanadi. Keyingi o‘rinda surunkali kasallikka chalinganlar, maktabgacha ta’lim va ta’lim muassasasi xodimlari, jamoat transportida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va jurnalistlar bosqichma-bosqich emlanadi.
LiveBarchasi