Mustaqillik bayramida poyezd, avtobus va samolyotlarda qo‘shimcha reyslar amalga oshiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kunlarida mamlakat bo‘ylab sayohat qilmoqchi bo‘lganlar uchun poyezd, avtobus va samolyotlarda qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi. Bu haqda Turizm vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, temir yo‘l transportida “Toshkent – Xiva – Toshkent”, “Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent”, “Toshkent – Shovot – Toshkent”, “Toshkent – Termiz – Toshkent” hamda “Toshkent – Sariosiyo – Toshkent” yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlarga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulanadi.

Shuningdek, “Toshkent – Samarqand – Toshkent”, “Toshkent – Buxoro – Toshkent” va “Toshkent – Urganch – Toshkent” yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Ular bayramdan ikki kun oldin boshlanib, bayramdan keyingi ikki kun davomida ham saqlab qolinadi.

Avtomobil transportida esa viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etiladi. Xususan, Toshkentdagi Janubiy temir yo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratiladi.

Bayramdan kamida uch kun oldin “Toshkent – Samarqand – Buxoro – Urganch – Nukus” yo‘nalishlarida harakatlanuvchi avtobuslar ushbu hududga joylashtiriladi.

Havo transportida ham qo‘shimcha qatnovlar amalga oshiriladi. Bayramdan kamida ikki kun oldin “Toshkent – Urganch”, “Toshkent – Nukus”, “Toshkent – Buxoro” va “Toshkent – Termiz” yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Qayd etilishicha, ushbu choralar bayram kunlarida aholining mamlakat bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish va tarixiy, madaniy hamda tabiiy turistik maskanlarga tashriflar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing