Siyosiy iroda bo‘lmagani uchun hammamiz paxtaga qul edik – Shavkat Mirziyoyev (video)
Jamiyat
−
19:20 592 2 daqiqa
Avval siyosiy iroda yo‘qligi sababli O‘zbekistonda hamma paxtaga qul bo‘lgan. Bu haqda kecha, 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami arafasida loyihalarni ishga tushirish marosimida so‘z ochdi.
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov O‘zbekistondagi avvalgi davrlardagi paxtaga qaramlik davrini eslab, o‘sha yillarda aholi yil davomida paxta ishlariga jalb etilganini qayd etgan.
“Siz olib borayotgan siyosatingiz bilan o‘zbek xalqini, Yangi O‘zbekistonni butun dunyoga tan olishga majbur qildingiz. Oxirgi 10 yil davomida asrga tatigulik, zalvorli, mazmunli tarix yaratib berdingiz. Konvertatsiya masalasi qanday edi ilgari? Buni to‘g‘rilab berdingiz. Kollej degan bir balo bo‘lardi, hamma odam ko‘chada edi. 11 yillik ta’lim tizimini, ilmga asoslangan narsani joy-joyiga qo‘yib berdingiz”, deydi Erkinjon Turdimov.
Uning aytishicha, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan aloqalari mustahkamlanib, do‘stona munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, u avvalgi yillarda mamlakat paxtaga tobe bo‘lganini, hatto maktab o‘quvchilari ham paxta dalalaridan chiqmaganini eslab, bu holat o‘z-o‘zidan o‘zgarmaganini ta’kidlagan.
“Lekin hamma u qullikni unutib yubordi. Siyosiy iroda yo‘qligidan hammamiz paxtaga qul edik. 24 soat, 12 oy shudgor, chigatka, defoliatsiya, terim bilan shug‘ullanardik. Boshqa hech narsa bilan shug‘ullanmasdik”, deydi Shavkat Mirziyoyev hokimning gaplariga javoban.
Shuningdek, Erkinjon Turdimov tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida ham gapirgan.
“Yana bir narsa, mana tadbirkorlik bo‘yicha keng yo‘l ochib berdingiz. Umuman kutmagan, tarixiy qarorlarni qabul qildingiz. Ozarbayjon Prezidenti, janob Aliyev kecha shuni bejizga aytgani yo‘q. Shavkat Miromonovich qilgan katta ishlar va islohotlar bo‘lmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmas edi”, deydi Sirdaryo viloyati hokimi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov O‘zbekistonda “elektr uzildi” degan gap odamlarning esidan chiqib ketgani haqida gapirgan edi.
Live
Barchasi