“Musiqani sun’iy intellektdan himoya qiling”. Amerikalik yulduzlar ochiq xat imzoladi
Madaniyat-san’at
−
04 aprel
5570Kecha, 3 aprel kuni 200 dan ortiq amerikalik san’atkorlar sun’iy intellektni (AI) “inson ijodiga hujum"da ayblab, ochiq xat yubordi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, san’atkorlar sun’iy intellekt tez orada asl ijodkorlar ovozining raqamli nusxalarini yaratishi mumkinligidan xavotirda. Shu bois murojaat mualliflari elektron musiqa mualliflaridan asl ijodkorlar huquqlarini qadrsizlantirmaslik uchun kontent yaratishda neyron tarmoqlardan kamroq foydalanishni so‘ramoqda.
“Yangi davrda ijodkorlar sun’iy idrok bilan raqobatlashishga majbur. Neyron tarmoqlardan bezbetlarcha foydalanish haqiqiy musiqachilar va muxlislarning qadrini toptaydi”, deydi San’atkorlar huquqlarini himoya qiluvchi alyans ijrochi direktori Jen Yakobsen o‘z bayonotida.
Ushbu maktubga Billi Aylish, Imagine Dragons, Nikki Minaj, Perl Jem, Keti Perri, Jonas Brothers, Julya Maykls, Rayan Tedder va boshqa aktyorlar, qo‘shiqchilar va musiqachilar imzo chekkan.
“Biz qo‘shiqchilar va musiqa mualliflari, shuningdek, quyida imzo chekkanlar sun’iy intellektni ishlab chiquvchi texnologiya kompaniyalari, platformalar va raqamli musiqa xizmatlarini asl ijodkorlarning huquqini buzish va qadrsizlantirish uchun neyron tarmoqdan foydalanishni to‘xtatishga chaqiramiz”, deyiladi maktubda.
Ma’lum bo‘lishicha, prodyuserlik kompaniyalarining ruxsatisiz ba’zi kompaniyalar san’atkorlarning ijodiy ishlarini o‘zlashtirib, sun’iy intellekt yordamida qayta ishlab, ommaga taqdim etgan. Ushbu sa’y-harakatlar bevosita original musiqaning tovush va tasvirlarini almashtirishga qaratilgan bo‘lib, bu shou-biznes vakillarining daromad manbaiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, milliarder, filantrop va Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt hech qachon odam bo‘lmasligi va u inson bajara oladigan barcha vazifalarni bajara olmasligini ma’lum qilgandi.
Rayhona Ulkanbayeva
LiveBarchasi