Musayev, marmar go‘sht va 90 mln mojarosi. Toshtemirov nomi Interpol qidiruvidan g‘oyib bo‘ldi

3-sahifa

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining sobiq xodimi – Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Azizbek Toshtemirovning nomi xalqaro qidruvdagi shaxslar ro‘yxatidan sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi. QALAMPIR.UZ’ning Interpol saytida olib borgan tadqiqlari buni tasdiqlamoqda. 

Gap shundaki, Migratsiya agentligida Koreyadagi vakolatxona rahbari lavozimida faoliyat olib borgan Azizbek Toshtemirov 2025 yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan. U firibgarlik va bir qator jinoyatlarda gumon qilinib, joriy yilning may oyida Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Azizbek Toshtemirov lavozimdaligi davrida Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan ba’zi EPS–Topik imtihonlari vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilgani, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa ularga testdan o‘tishda go‘yoki yordam bergani holatlari kuzatilgan va ehtimoliy qonunbuzarlik to‘g‘risida fuqarolardan bir qancha murojaatlar bo‘lgan.

2025 yilning avgustida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy ravishda pul olgan Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi va agentlik markaziy apparati bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng, agentlikning Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirilgan.

Biroq, Toshtemirovning o‘zi bu ayblovlarni butkul rad etib, har qanday qonunbuzarlik va korrupsiya boshida agentlikning amaldagi rahbari Behzod Musayev turganini iddao qilib chiqdi. 

“Koreya 24 soat” deb nomlangan telegram kanaliga Migratsiya agentligi rahbariga tegishli ekani aytilgan audio va yozishmalardan olingan suratlar joylab borilmoqda. Unda Behzod Musayev qimmatbaho sovg‘alar, davlat hisobidan $150 ming dollarlik mashina, premium do‘konlardan xarid qilinadigan go‘sht mahsulotlari talab qilgani haqida jiddiy ayblovlar ilgari surilgan. Azizbek Toshtemirov o‘z kanalida barcha holatlar bo‘yicha faktlar yetarli ekani, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etishga tayyorligini bildirgan.

Interpol qidiruvida bo‘lgan Azizbek Toshtemirovning 17 iyun kuni e’lon qilgan postiga ko‘ra, u Koreyada ishlayotgan paytida undan Behzod Musayev uchun har ikki haftada 10 kilogrammdan qimmatbaho vagyu go‘shti yuborib turish talab qilingan. U gapiga isbot sifatida Migratsiya agentligining rahbari Behzod Musayevga tegishli ekani aytilgan audioni ilova qilgan.

Qolaversa, Azizbek Toshtemirov tez-tez spirtli ichimliklar, kosmetika mahsulotlari va hatto “Please” (erkaklik quvvatini oshiruvchi vosita) dorisini yuborish so‘ralgani aks etgan skrinshotlarni ham e’lon qilgan.

“B. Musayev soliqchi bo‘lganku, soliq solish qonida bor. Mening bo‘ynimga solingan soliqlar ham kundan-kunga ortib bordi. Men topgan oyligimga Musayev va uning oilasi uchun eng qimmatbaho koreys kosmetikalaridan tortib, zubnoy pasta-yu, hatto vlajniy salfetkagacha yuborishim kerak edi”, deb yozadi Azizbek Toshtemirov.

Sobiq xodim go‘sht mahsulotlarini “Premium” do‘konlardan sotib olingani, ba’zan u bunday mahsulotlarga maoshi yetmay boshqa xodimlar bilan pul yig‘ishga majbur bo‘lganini ham yozgan.

Azizbek Toshtemirov “4-Fakt” sifatida kanaliga joylagan postida Koreyadan maxsus tyuning qilingan Hyundai Palisade avtomobilini yuborish talab qilinganini yozdi.

“Talablar borgan sari oshib bordi. Bir kuni Musayev mashinada o‘tirsa, beli og‘rib qolayotganini aytib, Koreyadan maxsus yotib ketishga mo‘ljallangan (tuning qilingan) divanga ega Hyundai Palisade mashinasini yuborishimni buyurdi. Mashinani izladik, topdik, ammo to‘lovga kelganda “o‘zing amalla” degan javobni oldim”, deb yozadi Toshtemirov.

Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangani, ular 600 dan ortiq odamdan $90 mln olgani fosh qilingani ma’lum bo‘lgandi. Azizbek Toshtemirovning iddao qilishicha, bu jinoyatga ham Musayev aloqador.

“Ayni paytda Koreyaga ishlash uchun ketgan fuqarolarning kim orqali, qancha pul evaziga ketganligi tekshirilmoqdami? Xo‘sh, nima sababdan B. Musayevning shaxsan topshirig‘i ortidan Koreyaga ketganlar bilan hech kim qiziqmayapti? Bunday topshiriqlarning son-sanog‘i yo‘q. Qay biridan qanchadan olgan noma’lum, lekin hoynahoy 90 mln $ Musayevning uyidan chiqsa ajabmas”, deb yozgan u.

Joriy yilning 20 iyun kuni Migratsiya agentligi shov-shuvli holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Unda Azizbek Toshtemirov skrinshot, audio va rasmlar bilan iddao qilayotgan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va bir tomonlama talqin qilingani aytilgan.

“Mazkur holatlar bo‘yicha vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, barcha holatlarga huquqiy baho beriladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tdi hamki, biror rasmiy idora – na Bosh prokuratura, na Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va na Ichki ishlar Toshtemirovning ayblovlari yuzasidan qanday tekshiruv olib borilayotgani, natijalar qachon ma’lum bo‘lishiga oydinlik kiritmadi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Ravshan Muhitdinovning nomi ham shubhali tarzda qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan olib tashlangan edi. Keyinroq, Ichki ishlar vazirligi QALAMPIR.UZ'ning ushbu holat bo‘yicha so‘roviga nisbatan “Ravshan Zolotoy” aslida 2021 yilda qidiruvga berilgani, tergov harakatlari davomida unga qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topmagani va shu munosabat bilan qidiruv-tergov harakatlari to‘xtatilganini bildirgan


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing