Musa Yerniyazov 50 yillik mehnat faoliyatida boshidan juda ko‘p azob-uqubatlarni o‘tkazgan – Mirziyoyev

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 avgust kuni Nukus shahrida bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 18 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Jo‘qorg‘i Kenges raisi Musa Yerniyazov qabrini ziyorat qildi. So‘ng O‘zbekiston Qahramoni vafoti munosabati bilan tashkil etilgan ta’ziya marosimida nutq so‘zladi. Prezident Musa Tajetdinovichni eslab shunday dedi:

“Qoraqalpoq elining, butun O‘zbekiston xalqining boshiga og‘ir musibat tushdi. Mana shu cheksiz qayg‘uli damlarda avvalombor Musa Tajetdinovichning turmush o‘rtog‘i Omonguldi opaga, oila a’zolariga, yor-birodarlariga, barcha Qoraqalpog‘iston ahliga shaxsan o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur ta’ziya bildirmoqchiman.

Musa og‘aning hech qachon qiyinchiliklardan qo‘rqmasligi, vazminligi, bag‘rikengligiga har safar qoyil qolardim. Bu nafaqat mening, balki bu ajoyib inson bilan safdosh bo‘lgan, hamkorlik qilgan barcha insonlarning fikri desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Musa Tajetdinovich qachon gaplashmasam eng muhim masalalarni ko‘ngdalang qo‘yishni bilardi. 

Qoraqalpoq zaminida, mislsiz Orol halokati yuz bergan bir o‘lkada yashab, mehnat qilish bu haqiqiy qahramonlik. Musa Yerniyazov ana shunday qahramon xalqning qahramon rahbari edi.

Barchamiz uchun qadrli inson Musa Tajetdinovich hayotida o‘zidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirdi. “Yurt uchun fido bo‘lish o‘lim emas, aslida, qayta tug‘ilish”, deb aytadilar donolar. Biz albatta ushbu ajoyib insonning qutlug‘ nomini abadiylashtirish uchun Toshkentda, Nukusda va respublikaning boshqa hududlarida, sizlar bilan bamaslahat, uning nomi ko‘chalar, xiyobonlar va boshqa ob’ektlarga beriladi, albatta.

Agar pandemiya bo‘lmaganda, bugun butun elimiz Qoraqalpog‘istonga kelgan bo‘lardi. Butun xalqimiz biz bilan.

Bu inson qariyb 50 yillik mehnat faoliyatida xalqiga halol mehnat qilaman deb, boshidan juda ko‘p azob-uqubatlarni o‘tkazgan. Uning vafoti – barchamiz uchun og‘ir musibat. Qoraqalpoq elining mana shunday buyuk farzandi xotiramizda abadiy qoladi. Hali ko‘p shoirlar Musa Tajetdinovich haqida kitoblar yozadi, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatamiz.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalqiga murojaat qilib aytmoqchimanki, biz hech qachon Musa Tajetdinovichni unutmaymiz. Ilohim joylari jannatdan bo‘lsin. Musa Tajetdinovich Yerniyazov – buyuk og‘amizning porloq xotirasi barchamizning qalbimizda mangu yashaydi”.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi – O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Musa Tajetdinovich Yerniyazov 31 iyul kuni 73 yoshida koronavirusdan vafot etdi.

Ma’lumot uchun, Musa Yerniyazovning koronavirusga chalingan 18 iyul kuni ma’lum bo‘lgandi. Marhumning o‘limidan bir kun avval SSV rasmiylari senator og‘ir ahvolda ekanini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Musa Erniyazov

Baholaganlar

217

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing