Endi OTMlarda davlat granti har yili qayta taqsimlanadi

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistondagi oliygohlarda davlat granti o‘rinlari eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar o‘rtasidagi raqobat asosida belgilanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy ta’lim tizimi bo‘yicha bo‘lgan taqdimotda aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarining shu yil 2 fevraldagi qaroriga asosan, “Ta’lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tuzilgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ofis tomonidan vazirliklar bilan birga o‘quv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, ta’lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish bo‘yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqilgan.

6 may kuni Prezident huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.

Bugungi kunda bakalavriatda 306 ta yo‘nalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda to‘liq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Shu bois ta’limning xalqaro tasnifi, ilg‘or xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori bo‘lgan sohalarda yangi yo‘nalishlar ochish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirgan holda dekanatlar va boshqa ma’muriy tuzilmalarni optimallashtirish masalasi ham muhokama etildi. Shu nuqtayi nazardan, 1 sentyabrga qadar o‘quv jarayonlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Keyingi asosiy masala bu – oliy ta’limga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yo‘naltirish. Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni to‘liq ta’minlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolishi mumkin.

Yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni, yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.

Yana bir yangilik: endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.

Davlat rahbari bu tizimni adolatli yo‘lga qo‘yish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini ta’kidlagan.

Malaka talablari bo‘yicha ham dolzarb masalalar ko‘p. Mamlakatdagi ayrim mezonlar xalqaro standartlarga va ish beruvchi talablariga to‘liq mos kelmaydi. Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortig‘i bo‘yicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Borlari ham aniq va sifatli emas.

Shuningdek, malakani baholash markazlarida sertifikatlash yo‘lga qo‘yilmagan. Milliy malaka tizimiga doir jarayon va hujjatlar Elektron platformada yuritilmaydi.

Shu bois Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini to‘liq ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

"Bu aholi bandligiga bevosita daxldor dolzarb masala. Shuning uchun bu borada qonunlar ishlab chiqib, vazirlik va idoralar mas’uliyatini belgilash, ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish kerak", degan Shavkat Mirziyoyev.

Taqdimotda muhandislik sohasidagi ta’lim sifati ham tahlil qilindi. Respublikada yiliga 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari tashkil etilib, 146 ming ish o‘rni yaratilyapti. Ularda yiliga 25 mingdan ziyod muhandis va texnologlarga ehtiyoj bor.

Bu yo‘nalishda 33 ta davlat oliygohida kadrlar tayyorlansa-da, ta’lim sifati talab darajasida emas. Ilg‘or xorijiy universitetlarda allaqachon to‘xtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar hali ham o‘qitilmoqda. O‘quv reja va dasturlarining qariyb yarmi mehnat bozori va xalqaro standartlarga javob bermaydi.

Mutasaddilarga ushbu ta’lim yo‘nalishida keskin o‘zgarish yasash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

OTM Shavkat Mirziyoev davlat granti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing