Murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerak – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
11 iyul
9179Jinoyatning hammasi ham jinoyat, lekin murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerak. Bunday fikrni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov bildirdi.
“Kecha yosh bir yigitga 20 marta pichoq urib o‘ldirgan jinoyatchi sudda pushaymonligini aytib, 17 yilga qamaldi. 25 yoshli bu maxluq qamoqdan 42 yoshida jamiyatga kim bo‘lib qaytadi?” deydi deputat.
Uning aytishicha, “hayvonlashib ketgan” jinoyatchini soliqlar hisobiga sog‘ligini saqlab, qornini to‘ydirib, boshqa inson bo‘lib qolishini kutib o‘tirish – mantiqsiz!
“Bundaylardan jamiyatni tozalash kerak! Bolalar va begunoh aholi qirg‘iniga yuzsizlarcha ko‘z yumib, dunyoga insonparvarlikdan dars berayotganlarning insonqarashiga moslashishga majburmizmi?
Bu maxluqlar nafaqat bugun, balki kelajakdagi pro-maxluqlarga namuna-ustoz bo‘lib xizmat qilishini unutmaslik kerak”, deydi Alisher Qodirov.
Ma’lumot uchun, deputatning bunday bayonoti 9 iyul kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan dahshatli voqea fonida yangradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 31 yoshli erkak o‘zi bilan birga qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayolning birinchi turmushidan tug‘ilgan 3 yashar o‘g‘lini pichoqlab, o‘ldirgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi