Munozara davom etadi. Sherzod Shermatov rus tiliga rasmiy til maqomini berish bo‘yicha qarshi fikr bildirdi
Jamiyat
−
05 may 2019
11643Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish bo‘yicha munozaralar avj oldi. Shundan so‘ng, “Yuksali” umummilliy harakati mazkur munozaralarga nisbatan bayonot bilan chiqdi.
Ayni masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 30 yil to‘ladi. Biz bu sanani yaxshilab nishonlashga tayyorgarlik qilish o‘rniga, qaysidir “ziyolilar” tomonidan rus tilini ham rasmiy til etib belgilash kerak degan taklifiga indamay o‘tiribmiz...
“Indamaslik - rozilik alomati” deb qabul qiladiganlar ham topilib, bu qaysidir “ziyolilar” pozitsiyasi emas, aynan Davlat tomonidan oldinga surilgan taklif deb ham talqin qilayotganlarni ko‘rib, o‘z fikrimni bildirishim zarurligini tushunib yetdim.
Maktabdagi kezlarimda o‘zbekcha gapirishdan or qiladiganlar orasida o‘ziga xos stereotip bo‘lardi. Xuddiki, faqat ruschada o‘qiganlar yaxshiroq bilimga ega, oddiy o‘zbek maktabida o‘qiganlar esa yaxshi o‘qimagandek qabul qilinar edi. Ingliz tilidagi fakultetga o‘tib, barchaga teng sharoit yaratilganda bu stereotipning xato ekanligi yaqqol ko‘rinib qoldi.
Ya’ni, maktabda rus tilida yoki o‘zbek tilida o‘qiganlar bemalol ingliz tilidagi o‘qishda birga teng raqobat qilar edik. Oddiy o‘zbek tilidagi maktabni bitirib, har holda AQSHdagi eng nufuzli universitetlardan birida o‘qish va keyinchalik katta lavozimlarda ishlash nasib qildi. Bu ham, aynan mamlakatimiz Mustaqillikka erishgandan keyingina yaratilgan imkoniyatlar tufayli bo‘ldi.
Mamlakatimiz o‘z Mustaqilligi yo‘lini tanlagan va bu yo‘ldan chetlashishga hech kim yo‘l qo‘ymaydi. Hozirgi vaqtda, barchamiz o‘z ona tilimiz, millatimiz va madaniyatimiz bilan faxrlanishga o‘rganishimiz kerak.
Chet tillarini imkon boricha o‘rganaverish kerak, lekin bu degani o‘z ona tilini esdan chiqarish degani emas. Shuning uchun ham, Prezident maktablariga ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari nomzodlariga ochiq tanlov e’lon qilgan edik. Bu maktablarning bitiruvchilari chet tili va zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgani holda, eng asosiysi haqiqiy vatanparvar va yuksak ma’naviyatli bo‘lib yetishib chiqishlari shart.
O‘z tilimizdan va millatimizdan g‘ururlanish hissiga ega bo‘lsakkina mamlakatimiz rivojlanishiga erisha olamiz”, degan Xalq ta’limi vaziri ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
LiveBarchasi