Mun Chje In 80 yillar oldin O‘zbekiston boshpanasiz koreyslarga joy berganini e’tirof etdi
Jamiyat
−
18 aprel 2019
6562Xabaringiz bor, bugun, 18 aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi.
Prezident rasmiy tashrif arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalariga bergan intervyusida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlik istiqbollari haqida fikr bildirdi:
“Avvalo, koreys xalqi O‘zbekistondan juda minnatdor ekanini alohida ta’kidamoqchiman. O‘zbek xalqi bundan sakson yillar oldin boshpanasidan ayrilgan koreys millatiga mansub fuqarolarni o‘z bag‘riga oldi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston va uning aholisi Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan bog‘liq murakkab davrni boshdan kechirganini yodga oladigan bo‘lsak, minnatdorlik tuyg‘usi yanada ortadi. Koreya Respublikasi mashaqqatli yillarda beminnat yordam qo‘lini cho‘zgan o‘zbek xalqiga chuqur hurmat-ehtirom va do‘stlik tuyg‘usi bilan qaraydi.
1992 yilda, O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganining keyingi yili mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Ikki davlatning bunday jadal yaqinlashuvi asosida do‘stlik va o‘zaro ishonch munosabatlari mujassam edi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi almashinuvlar kengayib, energetika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, logistika, axborot texnologiyalari va moliya sohalarida jadal rivojlandi. O‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi mamlakatlarimizning aloqalari tarixidagi maksimal ko‘rsatkich – 2,1 milliard AQSH dollariga yetdi.
Shuningdek, davlat rahbarlari darajasidagi muloqotlar ham faol rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda xalq va uning manfaatlari hamma narsadan ustun bo‘lgan davlat boshqaruvi falsafasiga amal qilamiz, shaxsiy munosabatlarimiz ham yaqin do‘stlik va birodarlik ruhida mustahkamlanib bormoqda.
Mamlakatlarimiz birgalikda yaratayotgan kelajakka katta umid bilan qarayman. Xalqlarimizning bir-biriga ishonchi va samimiy tuyg‘ulari chuqur ildiz otadi, amaldagi hamkorlik tajribasi esa, uning kelgusi ravnaqiga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Yevroosiyoning tinchligi va mushtarak taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida hamkorlik qilishiga ishonaman”, deb aytib o‘tdi Prezident Mun Chje In.
LiveBarchasi