Mulkning egasi kim yoxud hokimlarni faqat Prezident qarori to‘xtata oladimi?

Tahlil

Joriy yilning 14 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining 25-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Adliya vaziri Ruslan Davletov bir necha muammolar qatorida yillar davomida mulk egasi bir necha bor o‘zgargan xususiylashtirish natijalarini ayrim mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda bekor qilinayotganini aytib o‘tdi.

Bugunga kelib hokimliklar tomonidan bir vaqtlari xususiylashtirilgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining noqonuniy tarzda hokimlik balansiga olinish jarayoni ko‘paydi. Bunda quyi ma’muriy sudlarning “hissasi” katta bo‘ldi.

Hokimliklar 20-25 yil avvalgi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Davlat qo‘mitasining tegishli boshqarmasi tomonidan xususiylashtirishda ifodalangan buyrug‘i hamda mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ma’muriy sudlarga da’vo kiritishni boshladi. Ma’muriy sud tomonidan hokimlik da’vosi qanoatlantirilgach, hokimliklar mulkni o‘z balansiga olishni davom ettirdi. Hokimlar oliy maqsadi sifatida mazkur tashkilotning insvestitsiya kirita oluvchi potensial investorga berilishi ekanini ko‘rsatishdi.

Foydalanilmayotgan ob’ektlarga nisbatan ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash amaliyotini hech kim (ayniqsa, ma’muriy sud) hisobga olmadi. Bu narsa Vazirlar Mahkamasining “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarorida ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Keyingi gal mana shunday huquqni qo‘llash amaliyotidagi katta xatolarga yo‘l qo‘ygan sud’yalarning ishi ham ularni qayta tayinlashda hisobga olinishi kerak, deb hisoblaymiz.

Eng achinarlisi, sudda aynan mulkni olib qo‘yishga asos sifatida ayrim hokimlik yuristlarining normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunda ko‘rsatilmagan, yuridik kuchga ega bo‘lmagan yig‘ilish bayonnomalarini ko‘rsatishi ensani qotiradi. Afsuski, ayrim hokimliklarda mana shunday byudjet “qonini so‘ruvchi” va huquqiy salohiyati yetarli bo‘lmagan yuristlar ham ishlab yuribdi.

Shuningdek, ma’muriy sudlar yillar davomida mulkning egasi bir necha marta o‘zgarganini ham hisobga olmadi. Mulk huquqi to‘g‘risida fuqarolik kodeksida yozilgan moddalar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Yaxshiki, joriy yilning 20 noyabrida qabul qilingan “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori mulk egalarining joniga oro kirdi.

Unda, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi hamda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga so‘zsiz rioya qilishlari shartligi haqida qat’iy ogohlantirildi.

Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, ob’ektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi, deb aniq ko‘rsatib qo‘yildi.

14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senatning yalpi majlisida Adliya vaziri Ruslan Davletov ham QALAMPIR.UZ saytiga bu borada o‘z izohlarini berib o‘tdi.

“Majlisda ham bir vaqtlari xususiylashtirilgan davlat ob’ektlarining bir necha yil o‘tib noqonuniy tarzda yana davlat tasarrufiga olinishi bo‘yicha bir nechta urinishlar bo‘lganini aytib o‘tdim. Bu holatga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu bevosita qonunda ham bor, yaqinda qabul qilingan Prezident qarorida ham ko‘rsatib qo‘yildi. Huquqni qo‘llash amaliyoti va uning ijrosi masalasida bu juda katta tizimli muammo hisoblanadi”, deydi Davletov.

Ruslan Davletov, shuningdek, bu kabi holatlar Farg‘ona va Toshkent shaharlarida kuzatilgani, muammolar Prezident qaroridan so‘ng barham topgani va xususiylashtirish natijalari bilan bog‘liq muammolar vazirlikning asosiy vazifasi sifatida bundan keyin ham saqlanib qolinishini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vaziri Ruslan Davletov

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing