Muxlislar noroziligi sabab Boateng “Bavariya”ga qaytmaydigan bo‘ldi

Sport

image

“Bavariya” klubi sobiq himoyachisi Jerom Boatengning Vensan Kompani qo‘l ostida yordamchilik qilish rejasidan voz kechdi. Bu qaror muxlislarning sobiq futbolchining ilgari sudlangani tufayli bildirgan noroziligi fonida qabul qilingan. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi.

Boateng aslida o‘zining murabbiylik faoliyatini “Bavariya”da boshlashni rejalashtirgandi. Klub unga A litsenziya sertifikati uchun zarur bo‘lgan qisqa muddatli amaliyot qilish imkoniyatini bergan, Vensan Kompani esa sobiq jamoadoshining tajribasidan foyda olishdan mamnun bo‘lgan. Ammo tashabbus kutilmaganda jamoa muxlislari orasida norozilik to‘lqinini keltirib chiqargan.

“Alyans Arena”da va ijtimoiy tarmoqlarda “Bavariya”da zo‘ravonlikka joy yo‘q” degan shiorlar ko‘tarilgan. Muxlislarning bosimi ortidan klub va futbolchi amaliyotni bekor qilish haqida kelishib olgan.

Ma’lumot uchun, Boateng atrofidagi mojaro 2018 yilda sobiq rafiqasi Sherin Senlerga nisbatan zo‘ravonlik ayblovlari bilan boshlangan. U ayblovlarni rad etgan bo‘lsa-da, 2021 yilda Myunxen sudi uni 1,8 million yevro jarimaga tortgan, keyinchalik bu miqdor 200 ming yevrogacha kamaytirilgan. Sud, shuningdek, futbolchiga 100 ming yevroni xayriya ishlariga yo‘naltirish majburiyatini yuklagan.

Garchi, ish qamoq jazosisiz yakunlangan bo‘lsa-da, mojaro futbolchining obro‘siga jiddiy zarar yetkazgan. Bu voqea uning “Bavariya”ga qaytish rejasini barbod qilgan. Boateng 2011-2021 yillar oralig‘ida “Bavariya” safida 300 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan, to‘qqiz karra Germaniya chempioni va ikki marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya terma jamoasi safida 2014 yilgi Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan 37 yoshli Jerom Boateng professional futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Bavariya Boateng

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing