Mudofaa vazirligi 30 millionlik tilla ruchkalar nega kerakligini ma’lum qildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Mudofaa vazirligi tomonidan 2 dona “premium” toifasidagi tilla ruchkalar sotib olinayotgani haqida xabar bergan edik. Ruchkalarning umumiy qiymati naq 30 million so‘mga teng.

Mudofaa vazirligi QALAMPIR.UZ so‘roviga ko‘ra, holat yuzasidan izoh berdi va qimmatbaho ruchkalar nega kerak bo‘lib qolganini ma’lum qildi.

“Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va xorijiy davlatlar mudofaa idoralari bilan o‘zaro hamkorlik bitimlari haqidagi muhim hujjatlarni imzolash rasmiy tadbirlarida foydalanib kelingan kanselyariya jihozlarini yangilashga ehtiyoj paydo bo‘lgan va ularning foydalanish muddati yakuniga yetmoqda.

Shu bois kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokidagi xorijlik hamkorlar bilan amalga oshiriladigan protokol tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish va Mudofaa vazirligi nufuzini saqlash maqsadida istiqbolda xalqaro miqyosdagi taniqli firmalarning kanselyariya ashyolaridan foydalanish rejalashtirilgan. Ya’ni xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi rasmiy vakillari tomonidan foydalanish uchun qo‘llaniladigan ashyolar xalqaro nufuzga loyiq darajada bo‘lishi shart, deya hisoblanadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shu maqsadda mazkur turdagi mahsulotlarni yetkazib beruvchi mahalliy tadbirkorlarning takliflarini o‘rganish uchun vazirlik ishlar boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tovar xom-ashyo birjasining maxsus axborot portali exarid.uzex.uz saytiga ruchka xarid qilinishi haqidagi e’lon joylashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, e’londa ko‘rsatilgan narx yakuniy to‘xtam emas, balki bozor qoidalariga ko‘ra tadbirkorlik va mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan korxona va tashkilotlarning mahsulot va narxlar bo‘yicha barcha takliflari o‘rganiladi, tanlov asosida yakuniy xulosaga kelinadi. Xuddi shunday talablarga javob bera oladigan boshqa firmalarga tegishli mahsulotlar taklifi ham o‘rganib chiqiladi.

“Ijtimoiy tarmoq faollari va davlatimiz byudjeti sarfiga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimiz bilishini istardikki, ushbu mahsulot vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xarid qilinishi ko‘zda tutilgan”, deya yakunlanadi vazirlik bayonoti.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism, muassasa va bo‘linmalar qoshida xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi ishlab chiqarish korxonalari hamda yordamchi xo‘jaliklar (issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, ekin maydonlari) mavjud bo‘lib, ular vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘larini shakllantiradigan asosiy manbalar hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Mudofaa vazirligi tilla ruchka

Baholaganlar

415

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing