Muddatidan avval pensiya tayinlash tartibi o‘zgartirildi
Jamiyat
−
17 may 2021
12165Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining buyrug‘i bilan Alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritildi.
Qayd etilishicha, yo‘riqnoma quyidagi sabablarga ko‘ra ishdan ozod etilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini belgilaydi: texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilgani.
Mazkur shaxslarga ular rasman ishsiz deb e’tirof etilgan va zarur mehnat stajiga ega bo‘lgan taqdirda muddatidan oldin (qonun hujjatlarida belgilangan umumiy asoslarga ko‘ra pensiya tayinlash muddatidan ikki yil oldin) pensiyaga chiqish huquqi taqdim etiladi:
- erkaklar – 58 yoshda bo‘lib, mehnat staji 25 yildan kam bo‘lmagan taqdirda;
- ayollar – 53 yoshda bo‘lib, mehnat staji 20 yildan kam bo‘lmagan taqdirda.
Birinchidan, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi munosabati bilan ularga muvofiq, yo‘riqnoma qabul qilingan NHHlar aniqlashtirildi.
Ikkinchidan, belgilanishicha, ishdan ozod etilgan shaxslar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan so‘ng 30 kalendar kun ichida hududiy aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga murojaat qilsalar, markaz xodimlari 3 oylik davr ichida (ilgari - agar ishdan ozod etilganlar 10 kun ichida murojaat qilsalar) maqbul keladigan ishni topishda yordam berishlari kerak. Agarda ozod etilgan shaxslar 30 kalendar kundan keyin murojaat qilsalar, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari 10 kun muddat ichida maqbul keladigan ishni topishda yordam berishlari kerak.
Boshqa o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar ham kiritilgan. Hujjat 4 may – Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.
LiveBarchasi