Muhammad Angliyada eng ommabop o‘g‘il bolalar ismi bo‘ldi
Olam
−
09 iyul 2516 3 daqiqa
Muhammad ismi 2025 yilda Angliya va Uelsda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar orasida eng ommabop ismga aylanib, uchinchi yil ketma-ket birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “The National” xabar berdi.
Manbaning qayd etishicha, 2025 yilda taxminan 6 ming nafar chaqaloqqa Muhammad ismi qo‘yilgan. Bu ikkinchi o‘rindagi Noa ismidan qariyb 2 mingtaga ko‘p. Muhammad va Noa 2023 yildan buyon reytingning dastlabki ikki pog‘onasini egallab kelmoqda. Ilgari ular o‘rtasidagi farq 1 580 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil yanada oshgan. Bu yil Leo va Luka mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarga ko‘tarilgan. Ular Artur, Oliver va Jorj ismlarini ortda qoldirgan.
Nashrga ko‘ra, Muhammad ismining boshqa ikki yozilishi ham eng mashhur 100 ta ism qatoriga kirgan. Ismning Mohammed shakli 20-o‘rinni, Mohammad shakli esa 55-o‘rinni egallagan. Bu ikki variant yana 2,6 ming nafar chaqaloqqa qo‘yilgan.
Qizlar orasida esa Oliviya yana eng mashhur ism bo‘lib qolgan. Keyingi o‘rinlarni Lili, Ameliya, Ayla va Florens egallagan.
Ma’lumot uchun, Muhammad ismi 2016 yildan buyon eng ommabop o‘ntalikdan joy olib kelmoqda. U ilk bor 1997 yilda eng mashhur 100 ta ism ro‘yxatiga kirgan. Shuningdek, Muhammad ismining uch xil yozilishi 1954 yilda ham eng mashhur 100 ta ism qatorida bo‘lgan. Mohammed varianti esa ilk bor 1924 yilda reytingga kirib, 91-o‘rinni egallagan.
Mamlakat Milliy statistika qo‘mitasining bildirishicha, eng mashhur o‘g‘il va qiz bolalar ismlarining aksariyati Britaniyadan tashqari kelib chiqishga ega. Ular qatorida skandinaviyacha Freyya, italyancha Leo, Luka va Izabella, shuningdek ibroniycha Noa ismlari bor.
Statistika idorasi avvalroq Muhammad ismining ommalashishiga bir nechta omil, jumladan, mamlakatdagi musulmon jamoasining o‘sishi sabab bo‘lganini bildirgan. Buyuk Britaniyada hozir qariyb 4 million musulmon yashaydi, bu mamlakat umumiy aholisining taxminan 6 foizini tashkil qiladi.
Muhammad ismi, ayniqsa, Britaniyada yashovchi musulmonlar orasida o‘z madaniy merosi va an’analarini saqlab qolish ramzi sifatida mashhurligicha qolmoqda. Shu bilan birga, o‘g‘il bolalarga qo‘yilayotgan ismlar orasida umumiy xilma-xillik ham ortib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Britaniyaga musulmon muhojirlarning ilk katta oqimi XIX asr oxirida, asosan London, Kardiff va Liverpul kabi port shaharlariga kelgan. Ular asosan Yaman va Misrdan bo‘lgan bo‘lsa-da, soni minglar bilan cheklangan. Oksford universiteti professori, migratsiya demografiyasi bo‘yicha mutaxassis Devid Koulmanning aytishicha, XIX–XX asrlarda Britaniyaning turli sohil shaharlarida kichik musulmon jamoalari shakllangan.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatga migratsiya 1950–1960 yillarda 1948 yilgi Britaniya fuqaroligi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingach keskin oshgan. Ushbu qonunga muvofiq, barcha Britaniya fuqarolari mamlakatga erkin kirish huquqiga ega bo‘lgan. Bu qoida dastlab Yangi Zelandiya, Avstraliya va Kanadada yashovchi Britaniya bilan yaqin aloqador shaxslar uchun joriy etilgan bo‘lsa-da, keyinchalik G‘arbiy Hindiston orollari va Osiyodan ham ko‘plab odamlar to‘qimachilik kabi sohalarda ishlash uchun mamlakatga ko‘chib bora boshlagan.
Live
BarchasiGaitida samolyot dengizga qo‘ndi
10 iyul