MTS “o‘zbek ishi” doirasida o‘z manfaatlarini himoya qilmoqchi

Olam

image

Rossiya aloqa operatori MTS kompaniyani O‘zbekistonda noqonuniy hatti-harakatlarda ayblayotgan investorlarning AQSHda kompaniyaga qarshi ochilgan ish doirasida o‘z manfaatlarini himoya qilishini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“MTSning ma’lum qilishicha, kompaniya va uning bir nechta boshqaruvchilariga qarshi AQSHdagi Nyu-York shtati okrug sudiga jamoaviy da’vo ochildi. Kompaniya ayblovni ko‘rib chiqyapti va o‘z manfaatlarini himoya qilish niyatida”, deyiladi Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiya (SEC) saytida joylashtirilgan hujjatda.

Bundan tashqari, kompaniya qarshi da’vo bilan chiqishi mumkinligini ham inkor qilmagan.

Avvalroq, AQSHning Rosen Law yuridik firmasi MTSga qarshi da’vo bilan chiqqandi. Rosen Law 2014 yil 19 martdan 2019 yil 7 martgacha bo‘lgan davrda Rossiya kompaniyasi qimmatli qog‘ozlarini sotib olgan barcha investorlar unga qo‘shilishi mumkinligini aytgan.

Da’volar MTS kompaniyasining O‘zbekistonda korrupsiyaga aloqadorligi bo‘yicha ochilgan ish bilan bog‘liq. Yakunda operator AQSH hukumatiga jami 850 million dollar to‘lab berishi belgilangan.

Rosen Law’ning iddaosiga ko‘ra, MTS kompaniyasi 420 mln dollar miqdorida pora berishiga to‘g‘ri kelgan korrupsion sxemaga aralashib qolganini investorlardan yashirgan. Shuningdek, bozorga surishtiruvlarning ehtimoliy oqibatlari ko‘lamini sezdirmagan.

AQSH mahkamalari 2014 yildan beri operatorning O‘zbekistondagi biznesi bo‘yicha MTSga nisbatan korrupsiyaga qarshi surishtiruv olib borgan. AQSH Adliya vazirligining ta’kidlashicha, Vimpelcom, MTS va Telia kompaniyalari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yaqin qarindoshlariga pora berish va buning evaziga mamlakat telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun soxta kompaniyalar va qalbaki shartnomalardan foydalangan. VEON surishtiruv yakunlari bo‘yicha 2016 yilda 795 million dollar, Telia - 965 million dollar jarima to‘ladi.

2014 yilda MTS nizolarni bartaraf etib, O‘zbekiston hukumati bilan xalqaro kelishuvga erishgach, Universal Mobile Systems (UMS) ustav kapitalining 50,01, foizini tekinga oldi. Biroq 2016 yil avgustda MTS o‘zinining barcha ulushini UMS’ga ramziy 1 dollarga sotdi. Shu bilan birga, kompaniya bu qaror AQSH Adliya vazirligining tekshiruvlari bilan bog‘liq emasligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh korruptsiya MTS

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing