MSK raisi “Erk” va “Birlik” harakatga kirishsa, nima bo‘lishini aytdi (video)
Intervyu
−
22 dekabr 2019
18105O‘zbekistonda biror partiyaning o‘zini muxolif deb e’lon qilishi uchun hech qanday to‘siqlar yo‘q. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov QALAMPIR.UZ jurnalistiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Sunnatilla Abdullayev, muxbir: — O‘zbekistonda mavjud 5 partiyadan biri keyinchalik o‘zini muxolif deb e’lon qilish imkoniyatlari qanday?
Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov, MSK raisi: — Hech qanday chegaralanish yo‘q. Shu 5 ta partiyadan bittasi muxolifat bo‘lishi mumkin. Hozirda “parlament muxolifati” degan tushunchamiz bor, bu Qonunda ham belgilangan. Lekin hayotiy, partiyalararo parlamentdan tashqari muxolifat bo‘ladigan bo‘lsa, unga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Birinchidan, Siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi Qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritishimiz kerak. Siyosiy muxolifatga sharoit yaratib berishimiz kerak. Qanday sharoit? Unga tazyiq o‘tkazmaslik, uni himoya qilish masalalari bo‘yicha Qonunda normalarni belgilab berishim kerak. Shunda o‘ylashimcha, haqiqiy muxolifat paydo bo‘ladi. Bu kun tartibida “pishib” kelayotgan masala.
Mana, masalan, siyosiy partiyadan biri XDP o‘zini muxolif deb e’lon qilsa, boshqa partiyalar bloklarga birlashsa bo‘ladi. XDP obro‘li partiyalardan. Shaxsiy fikrim, agar u o‘zini muxolifat deb e’lon qilsa, katta siljish qilish mumkin. Bunda siyosiy partiyaning dasturini ham qaytadan ko‘rib chiqish, qat’iy o‘zgarishlar belgilash lozim bo‘ladi.
Hamma partiyalar ham o‘z oldiga prezidentlik respublikasi to‘g‘risida tushuncha yoki unga erishish uchun vazifalarni qo‘ygan. Birontasi boshqa tushuncha paydo qilolsa, parlament respublikasi degan tushuncha dunyoda bor. Bu ham kelajakda bo‘lishi mumkin. Hech qanday to‘siq yo‘q.
15 yildan beri MSK raisiman. Men hali siyosiy partiyalar, Hukumat to‘g‘risida saylov jarayoni vaqtida tanqidiy materiallarning e’lon qilinganini eslay olmayman. Faqat maqtov, qarsakbozlik bo‘lgan edi.
Mana endi haqiqiy demokratiyaning asoslari yaratilyapti. Lekin hali demokratiyagacha ancha mashaqqatli yo‘l bor. Faqat gapda qilib, uni amaliyotga olib kelolmasak... Amaliyotda demokratiya qilishimiz kerak. Demokratiya ham mavhumroq tushuncha. Ko‘p davlatlarda demokratiya deyishadi. Demokratiyaning qanday chiziqlari, chegaralari bor, bu haqda hali ko‘p o‘ylash kerak. Biz uchun demokratiyaning eng yaxshi ko‘rinishi xalqimiz erkin, ozod bo‘lishi, fikrini ayta olishi, xalqimizning farovonligi oshishi.
Mana hozir savol berishdi: “Siyosiy partiya paydo bo‘lsa, u ro‘yxatdan o‘tadimi?” Albatta o‘tadi. Hech qanday chegara yo‘q. Ilgari bo‘lgandir. Chet eldan “bizni partiya qatnashmadi” deyishyapti. U partiya o‘zi bormi? Bir vaqtlar “Erk”, “Birlik” degan tashkilotlar paydo bo‘lgan. Balki, kelishib, ro‘yxatdan o‘tib yangidan harakatga kirishsa, boshqa siyosiy partiya va oqimlar paydo bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi