MTRKni aprelda tub islohotlar kutmoqda. Telekanallar xususiy sektorga sotiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston milliy teleradiokanali tizimida aprel oyida bir qator islohotlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining 2019 yil 20 fevraldagi 2019 yilning birinchi yarmida tayyorlangan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mavjud loyihalari ro‘yxatida ko‘rsatilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun nazorat Rejasining 70 bandida o‘z aksini topgan.

Ushbu bandda MTRK faoliyatini yanada takomillashtirish yo‘nalishlari belgilab berilgan. Ular:
– MTRK faoliyatini tubdan isloh qilish;
– MTRK faoliyatida bozor mexanizmlarini joriy etish;
– MTRKning alohida funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishdan iborat.

Shuningdek, ishonchli manbalardan birining xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh vaziri shu yilning 26 fevralida vazirliklar va idoralar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Nazorat Rejasida keltirilgan islohotlar yuzasidan ma’sul vazirlik va idoralar ham belgilab berilgan. Jumladan, MTRK faoliyatini tubdan isloh qilishga MTRK, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi ma’sul etib belgilangan. Ijro muddati esa aprel oyi etib ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, 3 ta asosiy teleradiokanal faoliyatini rivojlantirish maqsadida MRTK tarkibiga kiruvchi boshqa teleradiokanallarning boshqaruv paketi xususiy sektorga sotiladi.

Agarda mazkur xabarlar o‘z tasdig‘ini topsa va MTRK faoliyati tubdan isloh qilinsa, demakki, aholini shaffof, to‘g‘ri va xolisona axborot bilan ta’minlashga bo‘lgan ishonch ijobiy tomonga o‘zgara boshlaydi.

Siyqasi chiqqan va ko‘zbo‘yamachilik uchun efirga uzatilayotgan tele-radiomateriallar islohotlar natijasida saviyasi yuqori va xalqaro nufuzga mos media mahsulotlarga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi, degan umiddamiz.

Yodgor Abdullayev


Maqola muallifi

Teglar

MTRK

Baholaganlar

111

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing