Motsartning ilgari noma’lum bo‘lgan qo‘lyozmasi topildi

Madaniyat-san’at

image

Fransiyada Volfgang Amadey Motsartning ilgari noma’lum bo‘lgan qo‘lyozmasi – kompozitorning 1778 yilda Parijdagi faoliyati davomida tuzilgan 44 sahifalik nota daftari topildi. Mutaxassislar ushbu topilmashni so‘nggi o‘n yilliklardagi eng muhim kashfiyotlardan biri deb atamoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘lyozma uzoq vaqt davomida Fransiya Milliy kutubxonasining musiqa bo‘limida XVIII asr oxiriga mansub muallifi noma’lum hujjat sifatida saqlanib kelgan. Musiqa kolleksiyalari saqlovchisi Fransua-Per Gua 2026 yilning fevral oyida qaydlarning bir qismi Motsartning dasxatiga o‘xshash qo‘lda yozilganini payqab qolgan. Keyinchalik uning bu taxmini ekspertiza tomonidan tasdiqlangan.

Daftarda kompozitsiya bo‘yicha mashqlar hamda fleyta va arfa uchun yettita pesa o‘rin olgan. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu 22 yoshli Motsartning 1778 yilning mayidan iyuliga qadar o‘z shogirdi gersog de Ginning qizi Mari-Luiza-Filippina de Ginga har kuni bergan saboqlari materiallaridir.

Mutaxassislarning baholashicha, ushbu daftar Motsartning kompozitsiyadan qanday dars berganligiga oid ma’lum bo‘lgan eng erta davrga tegishli dalildir. Motsartning darslarida yaratilgan fleyta va arfa uchun oltita pesa to‘liq saqlanib qolgan va ular zamonaviy konsert repertuarini boyitishi mumkin. Ko‘plab parchalarning muallifligi jamoaviy bo‘lib qolmoqda: daftarda ham ustozning, ham uning shogirdining yozuvlari o‘zaro uyg‘unlashib ketgan.

So‘nggi mashq yakuniga yetmay qolgan, daftarning oxirgi olti sahifasi esa bo‘sh. Tadqiqotchilarning taxmin qilishicha, darslar Mari-Luiza de Ginning 1778 yil 26 iyuldagi to‘yidan keyin to‘xtatilgan.

Go‘zal asarlar ilk bor ertaga, 21 iyun kuni Fransiya Milliy kutubxonasining Oval zalida keng omma uchun ijro etiladi. Pesalar Fransuz radiosi Filarmoniya orkestri solistlari – fleytachi Matilda Kalderini va arfachi Nikolya Tyule tomonidan ijro etiladi. Keyingi kuni esa ushbu asarlarning fransuz radiosi efirida jahon radiopremerasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar taniqli bastakor Volfgang Amadey Motsartning haqiqiy qiyofasini tiklagan edi – portret uning bosh suyagi asosida qayta ishlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing