Dunyodagi eng qadimiy yulduzlar xaritasi tiklanmoqda
Bu qiziq
−
12 mart 2735 2 daqiqa
Olimlar shu paytgacha tuzilgan eng qadimgi yulduzlar xaritasini tiklamoqda. Xalqaro tadqiqotchilar guruhi o‘rta asrlarga oid pergamentni rentgen nurlari yordamida skanerlamoqda, chunki uning matni ostida antik davrga tegishli yulduzlar katalogi yashiringan. Bu haqda “ScienceAlert” portali xabar berdi.
Xaritaning muallifi miloddan avvalgi 190–120 yillarda yashagan qadimgi yunon astronomi Gipparx bo‘lgan deb taxmin qilinadi. U G‘arb an’analarida yulduzlar katalogini tuzgan hamda Quyosh va Oyning osmon gumbazidagi harakatini aniqlagan birinchi olim hisoblanadi.
Uzoq vaqt davomida Gipparxning asarlari deyarli butunlay yo‘qolgan deb hisoblab kelingan. Hozirgacha faqat uning yulduz turkumlari tavsifiga yozgan sharhlari yetib kelgan bo‘lib, unda olim o‘zidan oldingi astronomik matnlarni tanqidiy tahlil qilgan.
Uning ishlarini tiklash uchun yangi imkoniyat 2022 yilda, tadqiqotchilar VI asrga oid O‘rta asr qo‘lyozmasini o‘rganganida paydo bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, keyinchalik yozilgan matn ostida qadimgi astronomik hujjatning izlari yashiringan.
O‘rta asrlarda pergament qimmatbaho material bo‘lgan, shuning uchun eski qo‘lyozmalar ko‘pincha siyohdan tozalanib, qayta ishlatilgan. Ushbu holatda ham rohiblar qadimgi hujjat ustidan yangi matn yozgan, biroq asl yozuvlarning bir qismi yuqori qatlam ostida saqlanib qolgan.
Codex Climaci Rescriptus nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu qo‘lyozma hozirda AQSHdagi SLAC National Accelerator Laboratory laboratoriyasida o‘rganilmoqda. Tahlil uchun sinxrotron – kuchli rentgen nurlarini olish imkonini beruvchi zarralar tezlatkichidan foydalanilmoqda.
“Bizning maqsadimiz – yulduzlarning imkon qadar ko‘proq koordinatalarini tiklash”, deydi tarixchi Viktor Jizemberg.
Uning so‘zlariga ko‘ra, topilgan koordinatalar hayratlanarli darajada aniq, ayniqsa qadimgi astronomlar kuzatuvlarni teleskoplarsiz olib borganini hisobga olsa. Rentgen nurlanishi siyohning kimyoviy tarkibini farqlashga yordam beradi. O‘rta asr matni tarkibida temir miqdori yuqori bo‘lgan siyoh bilan yozilgan bo‘lsa, qadimgi yunon matni tarkibida kalsiy mavjud. Ushbu farq tufayli olimlar nozik pergamentga shikast yetkazmasdan, yashirin qatorlarni “ko‘ra” oladi.
Tadqiqotchilar allaqachon bir nechta yulduz tavsiflarini va Qovg‘a (Dalv) yulduz turkumi haqidagi eslatmalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Live
Barchasi