Moskvadagi terakt haqida tarmoqlarda izoh yozganlar ham qo‘lga olinyapti

Olam

image

Bugun, 28 martga qadar Rossiya bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda terakt haqida izoh yozgani uchun o‘nga yaqin kishi qo‘lga olindi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, ularning barchasi ommaviy ravishda uzr so‘rashga majburlangan.

Jumladan, peterburglik dekorator Nikolay Konashenok o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga, Moskvadagi terakt voqealari haqida: "Nega Kreml emas, Krokus?" deb yozgan. U terakt haqidagi mulohazasidan so‘ng ishdan haydalgan va kechirim so‘rashga majbur bo‘lgan. 

Sankt-Peterburgda yana bir Tojikiston fuqarosi qo‘lga olingan bo‘lib, bunga uning Telegram’dagi terakt haqidagi xabarga o‘zining hazil aralash "komment"ini yozgani sabab bo‘lgan. Ayblanuvchi 26 yoshli Bahodir Zuhurov bo‘lib, ayrim norasmiy kanallar unga besh yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Tergov qo‘mitasi e’lon qilgan videoda hibsga olingan Zuhurovning uzr so‘ragani aks etgan. 

E’tiborlisi bunday qo‘lga olishlar pensionerlardan tortib, to‘qqiz yashar maktab o‘quvchisigacha qo‘llanilmoqda. Jumladan, Magadan viloyati politsiyasi terrorizmni omma oldida oqlaganligi uchun Ola qishlog‘ida yashovchi 75 yoshli fuqaroni hibsga olgan. 

Bildirilishicha, pensioner messenjerda videoga izoh qoldirib, "tekinxo‘rlarni ko‘proq o‘ldirish kerak edi", deb yozgan. Ayni paytda unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. 

Xuddi shunday, Tivada yashovchi to‘qqiz yoshli qiz qo‘lga olinganidan keyin FXXga zerikkani sababli notanish abonentga "500 ming rubl evaziga terakt sodir etishi mumkinligi" haqida yozganini tan olgan. O‘quvchining onasiga nisbatan farzandining tarbiyasiga bee’tibor bo‘lgani uchun bayonnoma tuzilib, o‘quvchining o‘zi esa profilaktik hisobga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Moskvadagi teraktni oqlagan o‘zbekistonlikka jinoiy ish ochilgani haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva terakt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing