Moskvadagi portlashda “ArBat” bataloni asoschisi halok bo‘ldi
Olam
−
03 fevral 10701 2 daqiqa
Bugun, 3 fevral kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi “Aliye parusa” turarjoy majmuasida yuz bergan portlashda jarohatlangan “ArBat” alohida maxsus bo‘linmalari batalonining asoschisi Armen Sarkisyan shifoxonada vafot etdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Nashr dastlab Sarkisyan klinik o‘limni boshidan kechirgani haqida xabar bergan, biroq keyinroq uning vafot etgani haqida yozgan.
“Shu tariqa halok bo‘lganlar soni ikki nafarga yetdi, yana uch kishi jarohat oldi”, deyiladi xabarda.
Ukrainaning Donetsk viloyatida joylashgan Gorlovka shahri meri Ivan Prixodko ham o‘zining Telegram-kanalida Sarkisyanning o‘limi haqida yozib qoldirgan.
Ma’lumot uchun, Sarkisyan Gorlovkaning faxriy fuqarosi, u yoshligida Armanistondan Donbassga ko‘chib o‘tgan. “ArBat” yoki arman bataloni 2022 yilda Donbassda Rossiyaning Ukrainaga bosqinida ishtirok etish uchun tuzilgan. Bu “Pyatnashka” xalqaro brigadasi tarkibidagi maxsus kuchlar bo‘linmasi sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 17 dekabr kuni ertalab Moskvaning Ryazanskiy tumanidagi turarjoy binosiga kiraverishi yonida turgan samokatga o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushirilishi oqibatida Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov halok bo‘lgandi. Suiqasdda gumon qilinib, o‘zbekistonlik 29 yoshli Ahmad Qurbonov ushlangan. Yanvar oyida generalning o‘ldirilishida gumon qilingan yana ikki kishi – Ramazon Padiyev hamda Botuxon Tojiyev hibsga olindi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr