Moskvada ombor yondi. 6 qurbon bor

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 20 noyabr kuni Moskva markazidagi uchta temir yo‘l stansiyasi yaqinidagi ombor binosi yonib ketdi. Voqea joyidan yetti kishi evakuatsiya qilindi, olti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy rus nashrlari xabar berdi. 

Komsomolskaya maydoni, 1-A binodagi yong‘in haqida ma’lumot Moskva vaqti bilan 14:57 da olingan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘in ikki qavatli g‘ishtli omborxona binosida kelib chiqqanini aniqlagan. Ochiq manba ma’lumotlariga ko‘ra, bu binoda mebel, yoritgichlar va gul do‘koni joylashgan.  

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Moskva bosh boshqarmasi matbuot xizmati gullar ombori yonib ketganini aniqlagan.

Yong‘in maydoni 2,5 ming kvadrat metrni tashkil etdi. Omborda ochiq yonish holatlari bartaraf etilgan. Soat 23:55 da u butunlay o‘chirilgan. 

Binoning 500 kvadrat metr maydondagi shiftlari qisman qulagan. 

Binodan yetti kishi evakuatsiya qilingan, olti kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi jarohatlangan. 

Favqulodda vaziyatlar xizmati, shuningdek, hodisaga elektr isitish moslamasining nosozligi va elektr tarmog‘ining avariyali ishlashi sabab bo‘lganini ma’lum qildi. 

Tergov qo‘mitasi yong‘in fakti bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga tovarlarni noto‘g‘ri saqlash, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish hamda iste’molchilar hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish sabab bo‘lgan. 

Yong‘inni o‘chirishga Lyublino va Tver stansiyalaridan ikkita o‘t o‘chirish poyezdi yuborilgan. Ishga jami 121 kishi, 42 ta texnika jalb qilingan.

Rossiya temir yo‘llari yong‘in yo‘lovchilarga tahdid solmasligi va poyezdlar harakatiga ta’sir qilmasligini aytdi. Kompaniya matbuot xizmati, shuningdek, Komsomolskaya maydoni yaqinidagi yong‘in sodir bo‘lgan joy “Rossiya temir yo‘llari”ga tegishli emasligini qo‘shimcha qildi. “Moskva-Tver” shahar atrofi yo‘lovchi kompaniyasi matbuot xizmati ham hodisa shahar poyezdlari harakatiga ta’sir qilmaganini qayd etdi. 

Rospotrebnadzor mutaxassislari yong‘in zonasida havo namunalarini olishdi. Ular tadqiqot uchun laboratoriyaga yuborildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, havo namunalarida gigiyenik me’yorlardan oshib ketish holatlari aniqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in

Baholaganlar

71

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing