Moskvada migrantlarni kuzatuvchi ilova ishga tushyapti

Olam

image

Joriy yilning 1 sentyabridan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukraina fuqarolari Moskva shahri va Moskva viloyatiga ishlash uchun borganda maxsus “Amina” mobil ilovasini o‘rnatishi majburiy bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Ko‘p funksiyali migratsiya markazi xabar berdi.

“Amina” orqali ko‘p funksiyali Migratsiya markazi manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish, yashash manzili (xorijiy fuqaro muntazam ravishda dam oladigan va tunaydigan joy) haqida Ichki ishlar organlarini masofadan turib xabardor qilish va uni mobil ilova interfeysi orqali o‘zgartirish mumkin bo‘ladi.

Ilovani o‘rnatish xorijiy fuqarolar tomonidan mustaqil ravishda, Migratsiya markazi yoki Rossiya Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘limlariga bormasdan amalga oshiriladi.

Mobil ilovaga kirish uchun amal qilayotgan xorijiy fuqaro kartasi talab qilinadi. Uni rasmiylashtirish uchun xorijiy fuqaro Migratsiya markaziga murojaat qiladi. Agar karta yo‘qolgan bo‘lsa, “Amina” ilovasidan pasport ma’lumotlari asosida foydalanish mumkin.

Shundan so‘ng ilova Rossiya IIVga geolokatsiya ma’lumotlarini uzatadi. Agar bir necha kun davomida ma’lumotlar yuborilmasa, xorijiy fuqaro yashash manzilini tasdiqlash yoki uning o‘zgarishi haqida IIVni xabardor qilish zarurligi to‘g‘risida bildirishnoma oladi. Buning uchun IIV bo‘limlariga yoki Migratsiya markaziga borish talab etilmaydi.

Agar oxirgi monitoring sanasidan boshlab uch ish kunidan ortiq vaqt mobaynida abonent qurilmasidan geolokatsiya ma’lumotlari kelmasa, xorijiy fuqaro Migratsiya markazi manzili bo‘yicha hisobdan chiqariladi.

Eksperiment boshlangach, monitoring shartlari buzilishi xorijiy fuqaro haqida ma’lumotni “Nazorat qilinadigan shaxslar reestri”ga kiritish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Agar xorijiy fuqaro tajriba o‘tkazilayotgan hududdan tashqarida migratsiya hisobiga qo‘yilsa yoki mamlakatdan chiqib ketsa, u Migratsiya markazi manzili bo‘yicha hisobdan chiqariladi va bu haqda “Amina” ilovasi orqali xabarnoma yuboriladi.

Kelgusida, monitoring funksiyalaridan tashqari, ilovada foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham paydo bo‘ladi. Masalan, patent to‘lovini amalga oshirish, Migratsiya markaziga tashrif buyurish uchun oldindan navbat olish va boshqa xizmatlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Eksperiment boshlanishidan oldin ilovadan test rejimida foydalanish mumkin, bu uning funksiyalarini oldindan o‘rganishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasiga voyaga yetmagan migrantlarning mamlakatga kirishini cheklash bo‘yicha qonun loyihasi kiritilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva migrantlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing