Endi voyaga yetmagan migrantlar Rossiyaga kiritilmasligi mumkin

Olam

image

Rossiya Davlat dumasiga voyaga yetmagan migrantlarning mamlakatga kirishini cheklash bo‘yicha qonun loyihasi kiritildi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.

Hujjatda migrant bolalarni ota-onasisiz yoki ularning boshqa qonuniy vakillarisiz, shuningdek, oilasi tomonidan berilgan notarial ishonchnoma bilan birga kelgan kattalarsiz Rossiyaga kiritmaslik taklif etilmoqda. Mualliflarning ta’kidlashicha, ba’zi o‘smirlar mamlakatga o‘qish yoki davolanish bahonasida kirib, ish izlashga tushadi. Biroq hukumat bu tashabbusni “bolalarning qarovsizligi muammosini” hal qilmaydi, deb hisoblamoqda.

Qonun loyihasini deputat Nina Ostanina va parlamentning mehnat bo‘yicha qo‘mitasi raisi, mustaqil deputat Yaroslav Nilov taqdim etgan. Ular “voyaga yetmagan chet ellik fuqaro” tushunchasini qonunchilikka kiritishni taklif qilmoqda. Shunga ko‘ra, bunday bolalar Rossiyaga faqat ota-onasi, boshqa qonuniy vakillari yoki ularning roziligi bilan kelgan kattalar hamrohligida kirishi mumkin bo‘ladi. Bu tartib faqat ta’lim olish, davolanish va vaqtinchalik bo‘lish (masalan, sport musobaqalari, olimpiadalar, sayohatlar) bilan cheklanadi. Shuningdek, agar chet elliklarga berilgan vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi bekor qilinsa, ular bolalari bilan birga deportatsiya qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlar taqdim etgan tushuntirish xatida hozirgi vaqtda voyaga yetmagan chet elliklar ota-onasi bilan ham, ularning roziligisiz mustaqil ravishda ham Rossiyaga kira olishi eslatib o‘tilgan. Bu esa ularning mamlakatda qonuniy vakillarisiz qolib ketishiga olib kelayotgani aytiladi. Ayrim hollarda ular rasmiy ravishda o‘qish uchun kirgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, aslida ish izlash uchun borgani ta’kidlangan. Deputatlar statistikaga tayanib, 2025 yilning birinchi yarmida Rossiyada asosan 7–14 yosh oralig‘idagi 765 ming chet ellik bola bo‘lgani, ularning ko‘pi Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan ekani haqida ma’lumot bergan. Ichki ishlar vazirligi esa 2024 yilda 1,5 ming bola migratsiya qoidalarini buzganlik uchun vaqtinchalik saqlash markazlariga joylashtirilganini ma’lum qilgan.

Biroq hukumat bu tashabbusni tanqid qilgan. Rasmiy xulosada chet ellik bolalarga ota-onasisiz kirishga ruxsat beruvchi norma xalqaro huquq qoidalari bilan mos kelishi va ta’lim, davolanish hamda sayohat uchun zarurligi qayd etilgan. Hukumat vakillari ishonchnomalar bolalarni qarovsiz qolishidan himoya qila olmasligi, ularning haqiqiyligini aniqlash tartibi belgilanmaganini va deputatlar keltirgan statistikada bolalarning ota-onasisiz qanday sharoitda Rossiyaga kelib qolganiga oid ma’lumot yo‘qligini ko‘rsatgan. Shu sababli qonun loyihasini qayta ishlash lozimligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasiga turli fraksiyalarning vakillari tomonidan migrantlar uchun maktab ta’limini pulli qilish va rus tilini bilish bo‘yicha bepul test topshirish imkoniyatlari sonini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant Yaroslav Nilov Nina Ostanina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing