Moskvada xavfsizlik kuchlari Qirg‘iziston diplomatining uyiga bostirib kirdi

Olam

image

Rossiya ichki ishlar xodimlari Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Manas Jo‘ldoshbekovning xonadoniga bostirib kirib, uning oila a’zolariga tan jarohati yetkazdi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.

Shu munosabat bilan, bugun, 12 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasida Rossiya elchixonasi konsul maslahatchisi Andrey Burev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Qirg‘iziston tomoni Rossiya ichki ishlar organlari xodimlarining Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi maslahatchisi oila a’zolariga nisbatan 1961 yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan harakatlaridan xavotir bildirdi.

Shuningdek, Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Qirg‘iziston diplomatik vakolatxonasining akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlariga nisbatan bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, rasmiy Bishkek sinchiklab tergov o‘tkazish va aybdorlarni imkon qadar tezroq javobgarlikka tortishni talab etishi qayd etildi.

O‘z navbatida, konsul Burev bu faktdan afsusdaligini bildirdi va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston tomonidan rasmiy nota olganini, shu asosda hozirda tekshiruv o‘tkazilayotganini, uning natijalariga ko‘ra qirg‘iz tomoni xabardor qilinishini ta’kidladi.

Avvalroq Rossiyaning VCHK-OGPU Telegram-kanali 8 aprel kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligining ikki xodimi Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Manas Jo‘ldoshbekovning Moskvadagi yashash manziliga chet el fuqarosining Rossiya hududida bo‘lishi uchun asoslarning qonuniyligini tekshirish uchun kelganini yozgan. 

“Ko‘rsatilgan militsiya xodimlari diplomat va uning oila a’zolarining xonadoniga qulfni buzib, kirish eshigiga shikast yetkazish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda kirib kelganliklari bilan bir qatorda, huquq-tartibot idoralari xodimlari qo‘pollik bilan migratsiya qaydnomasi varaqasining yechib olinadigan qismini taqdim etishni talab qilishgan”, deyiladi xabarda.

Diplomat va uning oila a’zolari diplomatik pasport va diplomatik kartochkalarini taqdim etganidan keyin ham politsiya xodimlari migratsiya ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi hujjatlarni taqdim etishni agressiv tarzda talab qilishda davom etgan, oqibatda diplomatning rafiqasi tan jarohati olgan, voyaga yetmagan farzandlariga esa ruhiy shikast yetkazilgan.

“Bugungi kunga qadar Ichki ishlar vazirligi rahbariyati chet ellik diplomatga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar fakti bo‘yicha ichki ishlar tekshiruvini o‘tkazmagan, bu esa ularning kelajakda Markaziy Osiyo mamlakatlari diplomatlariga nisbatan shunga o‘xshash holatlarning oldini olish uchun tegishli choralar ko‘rmasdan, ushbu hodisani yashirish niyatida ekanini ko‘rsatadi”, deb yozadi VCHK-OGPU kanali.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qirg'iziston Manas Jo'ldoshbekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing