Moskvada avtomobilni portlatishda gumonlangan shaxs Turkiyada qo‘lga olindi (video)
Olam
−
24 iyul
10686Turkiya huquq-tartibot idoralari Moskva shimolida avtomobilni portlatishda gumon qilingan Rossiya fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda bugun, 24 iyul kuni Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, hibsga olingan shaxsning ismi Yevgeniy Serebryakov, u Moskvadan ertalabki reysda Bodrumga kelgan. Erkak ilgari Interpol tomonidan qidiruvga berilgan shaxslarning xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan. Interpolning Rossiya bo‘limi xodimlari Turkiya politsiyasiga uni hibsga olish talabi bilan murojaat qilib, Serebryakov terrorchilikda ayblanib qidiruvga berilganini aytgan.
Rossiyadan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Mug‘la viloyati politsiyasi bugun tushdan keyin Turkiyaning Bodrum shahrida gumondorni qo‘lga oldi. Ali Yerliqoya gumonlanuvchi hibsga olingan videoni chop etdi.
Videoda turk huquq-tartibot idoralari xodimlari Serebryakovning mashinasini ko‘chada qanday qilib to‘xtatib, qurol yordamida uni mashinadan majburlab tushirgani ko‘rsatilgan.
“Shot” Telegram-kanaliga ko‘ra, Yevgeniy Serebryakov Volgograd viloyatida tug‘ilgan, u 30 yoshda.
Eslatib o‘tamiz, bugun ertalab Moskvaning Sinyavinskaya ko‘chasida Toyota Land Cruiser yo‘ltanlamas avtomobili portlab ketgan, oqibatda ikki kishi – avtomobil egasi va yo‘lovchi jarohatlangandi.
LiveBarchasi