Moskvada 50 ga yaqin migrant hibsga olindi (video)
Olam
−
30 may 2023
21091Moskva g‘arbida huquq-tartibot xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida 49 nafar xorij fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda kecha, 29 may kuni huquq-tartibot idoralariga tayanib, TASS xabar berdi.
Aytilishicha, joriy yilning 28 may kuni o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari davomida Moskvaning g‘arbiy tumanida politsiya xodimlari tomonidan 49 nafar fuqaro qo‘lga olinib, hududiy boshqarmalarga olib ketilgan.
Ularga nisbatan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan Rossiya Federatsiyasiga kirish yoki bo‘lish qoidalarini buzish (Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 18.8-moddasi), mayda bezorilik (20.1-modda) va politsiyaning qonuniy buyrug‘iga bo‘ysunmaslik (19.3-modda) bo‘yicha 26 ta protokol rasmiylashtirilgan.
Ayni paytda, OAV xabariga ko‘ra, reyd Vyazemskaya ko‘chasi hududidagi aholi va Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar o‘rtasidagi mojaro munosabati bilan o‘tkazilgan. Aytilishicha, xorijliklar mahalliy bolalarga futbol maydonida o‘ynashni taqiqlab, ota-onalariga tahdid qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda migrantlarning ommaviy hibsga olingani aks etgan videolar tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 may kuni Rossiyadagi Komsomolsk-Amure davlat universitetining 3-sonli yotoqxonasida yuzdan ortiq tojikistonlik talaba huquq-tartibot idoralari tomonidan so‘roqqa tutilgan va ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lingandi. Shundan so‘ng, Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
LiveBarchasi