Tramp ikki yilda birinchi marta veto qo‘yish huquqidan foydalandi
Olam
−
16 mart 2019
8602Donald Tramp prezidentligining ikki yilida birinchi marta veto qo‘yish huquqidan foydalandi. U AQSH Kongressining mamlakatda favqulodda vaziyatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga veto – taqiq yo‘qdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tramp Kongressning qaroriga veto qo‘yuvchi hujjatni Oq uyning Oval xonasida imzoladi. Uning yonida vitse-prezident Mayk Pens, Ichki ishlar vaziri Kirsten Nilsen, Bosh prokuror Uilyam Barra, shuningdek, bolalari noqonuniy migrantlar qo‘lidan halok bo‘lgan ota-onalar bo‘lgan.
“Kongress rezolyutsiya qabul qilish huquqiga ega. Mening burchim unga veto qo‘yish. Tabiiyki, men buni qilishdan faxrlanaman”, degan Tramp.
Yig‘ilganlar olqishi ostida u hujjatni imzoladi. Tramp AQSH Kongressining qarorini xatarli va amerikaliklar hayotini xavfga qo‘yuvchi deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp Meksika bilan chegarada devor qurishga mablag‘ni qo‘lga kiritish uchun barcha imkoniyatini ishga soldi. Kongress devor qurilishiga kerak bo‘lgan 5 mlrd dollardan ko‘proq pulni byudjetga kiritishdan bosh tortishi prezidentning so‘nggi chorani ishga solishiga sabab bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Veto (lotincha veto – man etaman) – keng ma’noda vakolatli shaxs yoki organ tomonidan u yoki bu qarorga nisbatan yozma va og‘zaki shaklda qo‘yiladigan ta’qiq. Zamonaviy davlatlarda qandaydir bir organning qarorini to‘xtatib qo‘yadigan yoki kuchga kirishiga yo‘l qo‘ymaydigan harakat. Davlat boshlig‘iga parlament qabul qilgan qonunlarga veto qo‘yish (qarorlarni taqiqlash) huquqining berilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
LiveBarchasi