Rossiya Ukrainaga og‘ir zarba bergani bilan maqtandi
Olam
−
15 avgust 2023 14411 1 daqiqa
Rossiya Qurolli Kuchlari tunda Ukraina harbiy sanoatining muhim korxonalariga jamlangan hujum uyushtirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-leytenant Igor Konashenkov ma’lum qildi.
"Bugun tunda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Kiyev rejimi harbiy sanoatining muhim korxonalariga uzoq masofali aniq boshqariladigan havo va dengiz qurollari bilan konsentrlangan zarba berdi", deydi Konashenkov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumdan ko‘zlangan maqsadga erishilgan.
“Barcha belgilangan nishonlarga zarba berildi. Ukraina harbiy-sanoat majmuasiga katta zarar yetdi”, deya qo‘shimcha qilgan Konashenkov.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 2 avgustga o‘tar kechasi Kiyevga, 8 avgustda Pokrovskka, 9 avgustda Zaporoje shahriga havo hujumi uyushtirgandi. 11 avgustda Rossiya Ukrainaga “Kinjal” raketalari bilan, 12 avgustda esa Dnepropetrovsk viloyatidagi Krivoy Rog shahriga ballistik raketa bilan hujum qildi. Rossiya hujumlarining aksariyatida turar-joylar zarar ko‘rgan va tinch aholi halok bo‘lgandi.