Moskva osmonida yana dron urib tushirildi
Olam
−
09 avgust 2023
5603Moskva osmonida havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yana ikkita dron urib tushirildi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Biri Domodedovo hududida, ikkinchisi Minsk shossesi hududida. Ayni paytda dron parchalaridan jarohat olganlar haqida ma’lumot yo‘q”, deb yozgan mer.
Keyinroq ikkita dron yo‘q qilingani Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan ham tasdiqlangan.
“Bugun tunda Moskva viloyati hududida Kiyev rejimining uchuvchisiz samolyotlari yordamida terakt uyushtirishga urinishining oldi olindi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari ikkita dronni yo‘q qildi. To‘xtatilgan terrorchilik harakati oqibatida qurbonlar va vayronalar yo‘q”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligining bayonotida.
Shuningdek, Moskva aholisi baland tovushlarni eshitganini aytgan. Lefortovo viloyatida bo‘lgan RBK muxbiri ularni soat 3:00 atrofida eshitgan. “Mash” nashrining yozishicha, dronlardan biri Odinsovo tumanida urib tushirilgan.
Aytish joizki, iyul oyining oxiri va avgust oyining boshlarida Moskvaga uchuvchisiz havo hujumlari tez-tez uyushtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya poytaxti Moskvaga 24, 28, 30 iyul va 1 va 6 avgust kunlari ham dronlar hujumi uyushtirilgandi. 31 iyul kuni mansabdor shaxslar, rahbarlar va boshqa xodimlarga ixtiyoriy ravishda masofadan ishlash taklif qilindi. Chunki 30 iyul kuniga o‘tar kechasi “Moskva Siti”ning Raqamli rivojlanish vazirligi joylashgan “IQ-kvartal” minorasining 11 va 12-qavatlariga dron kelib urilgandi. Shuningdek, ushbu binoda Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi va boshqa vazirliklar joylashgan.
LiveBarchasi
26 noyabr