Moskva Qodirovning Erdo‘g‘anga dag‘dag‘asini “olqishlayapti”
Olam
−
23 dekabr 2021
14583Moskva diplomatik kanallar orqali Anqaraga chechenistonlik qo‘poruvchilik harakati yetakchisi Joxar Dudayev nomining Turkiya shahridagi bog‘ga berilganidan noroziligini bildirdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Diplomatik kanallar orqali biz turkiyalik hamkasblarimizga, yumshoq qilib aytganda, Turkiya shaharlaridan birida bunday nomlar qo‘yishni ma’qul ko‘rmasligimizni allaqachon ma’lum qildik”, dedi Kreml matbuot kotibi jurnalistlarga.
Peskov shuningdek, Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning ushbu voqeaga munosabatini juda tushunarli deb atadi.
“Bu Rossiyaning ushbu mintaqasini nazorat ostiga olishga uringan terrorchilar tomonidan boshlangan bir necha urushlardan omon qolgan Rossiya hududi rahbarining juda-juda hissiy, ammo tushunarli munosabati.
Afsuski, Turkiyada bog‘lardan biriga ushbu terrorchi nomi berildi. Albatta, bu barcha chechenlar uchun, Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Checheniston Respublikasi uchun juda og‘riqli qaror", deb ishonadi Peskov. Shu bois, uning fikricha, “(Qodirovning) bunday emotsional munosabati juda tushunarli”, deydi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan Turkiya rasmiylarining harakatlariga javob berishni so‘ragan. Checheniston rahbari, shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni Rossiya bilan munosabatlarda aniq va shaffof to‘xtamga kelib olishga chaqirgan. Qodirovga ko‘ra, Turkiya rasmiylarining amaldagi harakatlari Rossiya-Turkiya munosabatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid bo‘lib, bunga e’tibor qaratish va preventiv diplomatik choralar ko‘rish kerak.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida dekabr oyi o‘rtalarida Turkiya shimoli-g‘arbidagi Ko‘rfaz shahrida istirohat bog‘i ochilgani, unga o‘zini Checheniston Ichkeriya Respublikasi prezidenti deb e’lon qilgan Dudayev nomi berilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. 1994 yilda respublikaga federal qo‘shinlarning kiritilishi ortidan qurolli qarshilik ko‘rsatilgan. Dudayev 1996 yilda yo‘q qilingan.
LiveBarchasi