Moskva dronlar hujumiga uchradi (foto+video)
Olam
−
30 may 2023
29959Bugun, 30 may kuni ertalab Moskvada dron hujumi sodir bo‘ldi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Hujum natijasida bir nechta binolar kichik zarar ko‘rdi”, deb yozgan u.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, barcha favqulodda xizmatlar voqea joyida. Ayni paytda hech kim jiddiy jarohat olmagan.
“Xavfsizlik nuqtai nazaridan, favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan ishlar davomida uchuvchisiz uchish qurilmasi urib ketgan ikkita uyning bir nechta kirish joylari aholisini evakuatsiya qilish choralari ko‘rildi. Maxsus xizmatlar ishi tugagach, aholi o‘z xonadonlariga qaytishi mumkin bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan shahar hokimi.
Shuningdek, TASS nashri ham dronlar hujumi haqida axborot berib, hujumga uchragan binolarni e’lon qilgan: Leninskiy prospekti, 92-bino, 1-bino va Profsoyuznaya ko‘chasi, 98-bino, 6-bino.
“RIA Novosti”ning xabar berishicha, tashqi belgilarga ko‘ra, yong‘in izlari kuzatilmagan. Ba’zi xonadonlarning derazalari singan.
Bir necha mahalliy Telegram-kanallarining ma’lumotlariga ko‘ra, dron Leninskiy prospektidagi 14-qavatdagi kvartiraga uchgan dronda uchta portlovchi qurilma bo‘lgan. “Mash” gazetasining yozishicha, uch kishi yaralangan. Jami uchta qurilma turar-joy binolariga (Leninskiy prospekti, Profsoyuznaya ko‘chasi va Atlasova ko‘chasida) urilgan, yana 13 tasi Rublyovkada, Krasnogorsk va Istrinskiy tumanlarida, Yangi Moskvada uchirilgan.
Keyinroq Yangi Moskvada yana bir portlash ovozi eshitilgan.
“Bo‘linmalar qishloq manziliga jo‘nab ketdi. Moskva, Atlasova ko‘chasi, 11-uy. 25-qavatda xonadon derazalarining buzilishi aniqlandi, hech qanday yong‘in belgilari topilmadi”, dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Moskvadagi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati. Ushbu manzildagi uy Vnukovo aeroportidan unchalik uzoq bo‘lmagan Moskovskiy qishlog‘ida joylashgan.
Shuningdek, Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov ham ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida bir nechta dron urib tushirilganini aytib o‘tgan.
“Bugun ertalab Moskva viloyatining ba’zi tumanlari aholisi portlash tovushlarini eshitgan – bu bizning havo mudofaamiz ishlayotganidan darak edi. Moskvaga yaqinlashgan bir nechta uchuvchisiz samolyotlar urib tushirildi. Xalqdan xotirjam bo‘lishni so‘rayman. Barcha tez yordam xizmatlari ishlamoqda. Biz sizga xabar beramiz”, deb yozgan u.
"Rambler" ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvaga uyushtirilgan hujumda 25 ga yaqin uchuvchisiz uchish qurilmalari ishtirok etgan.
LiveBarchasi