Moskva Britaniyaning Rossiyaga qarshi terakt hozirlaganini aytyapti
Olam
−
26 may 2023
7675Moskva Buyuk Britaniyaning Rossiyaga qarshi teraktlar rejalashtirishda ishtirok etganini istisno etmaydi. Bu haqda bugun, 26 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiya Federatsiyasi Londonning Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarini yaxshi biladi.
“Biz britaniyaliklar Kiyev rejimi tomonidan Rossiya hududida amalga oshirilgan teraktlarni rejalashtirish, uyushtirish va qo‘llab-quvvatlash, jumladan, razvedka ma’lumotlarini taqdim etishda ishtirok etganini istisno qilmaymiz”, degan Rossiya TIV rasmiy vakili.
Shuningdek, u Rossiya Mudofaa vazirligining 2022 yil 29 oktyabr kuni Sevastopolda Qora dengiz floti kemalariga uyushtirilgan teraktda Britaniya maxsus xizmatlarining ishtiroki haqidagi xabarlari munosabati bilan 2022 yil 3 noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchisi Debora Bronnert Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilganini eslatgan.
Ta’kidlanishicha, elchiga britaniyalik harbiy mutaxassislarning Ukraina bo‘linmalarini tayyorlash va ta’minlashdagi faol ishtiroki yuzasidan keskin norozilik bildirilgan. Shu bilan birga, Londonning bunday faoliyatiga oid aniq faktlar keltirilgan.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning vakolatli idoralari bu borada to‘liq ma’lumotga ega.
“Bir necha bor ta’kidlanganidek, Rossiya tomoni zarur deb topilgan joyda va vaqtda javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Londonning buzg‘unchi faoliyati oqibatlari uchun to‘liq javobgarlik to‘laligicha ushbu beparvoliklarning mualliflari va ijrochilari zimmasiga tushadi. Diplomatik munosabatlarni uzish imkoniyatiga kelsak, shubhasiz, bu barcha omillarni hisobga olgan holda inkor etib bo‘lmaydigan choradir”, deya ta’kidlagan Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 may kuni Ukraina Qurolli Kuchlarining asosan ruslardan tashkil topgan harbiy qismlari – “Rus ko‘ngillilari korpusi” va “Rossiya ozodlik legioni” Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatiga hujm boshlagan edi. Shundan so‘ng tinch aholi Belgorodni ommaviy ravishda tark eta boshladi. Keyin esa AQSH shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli Ukrainadan Rossiya hududiga hujumlar uchun ular tomonidan taqdim etilgan harbiy texnikadan foydalanmaslikni so‘raganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi