Moskva aeroportida AQSH fuqarosi qo‘lga olindi
Olam
−
15 fevral 16368 2 daqiqa
Moskvaning Vnukovo aeroportida politsiya AQSH fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda bojxona xizmatiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Hibsga olish 7 fevral kuni bo‘lib o‘tgan, biroq bu haqda kecha, 14 fevral kuni ma’lum bo‘ldi.
Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, 28 yoshli amerikalik Istanbuldan Moskvaga uchib borgan. Uning yukidan kannabinoidlar bo‘lgan marmelad o‘rami topilgan. Rossiya qonunlariga ko‘ra, kannabinoidlar giyohvand moddalar sifatida tasniflanadi va ularning aylanishi taqiqlanadi.
Bojxona bo‘limining xabar berishicha, ism-sharifi oshkor qilinmagan amerikalikka qarshi giyohvand moddalar kontrabandasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. U hibsga olingan.
Ko‘rib chiqilayotgan moddaga ko‘ra, gumonlanuvchi 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda amerikalik basketbolchi Britni Griner Rossiya aeroportida hibsga olingan edi. Uning bagajida kannabinoidlar bo‘lgan veyping suyuqliklari topilgan. Sud Greynerni 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Taxminan bir yil o‘tgach, Rossiya hukumati uni AQSHda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan qurol sotuvchisi Viktor Butga almashtirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, 14 yilga qattiq rejimli qamoq jazosiga hukm qilingan AQSH fuqarosi Mark Fogel 2025 yilning 11 fevralida qamoqdan ozod qilingandi. Buning evaziga AQSH 2017 yilning yozida oilasi bilan dam olayotgan Gretsiya shimolida qo‘lga olingan, tovlamachilik, shaxsni o‘g‘irlash va giyohvand moddalar savdosiga yordam berishda ayblangan Aleksandr Vinnikni Rossiyaga qaytardi.
Live
Barchasi