AQSH Fogel evaziga Vinnikni Moskvaga qaytardi (video)
Olam
−
14 fevral 2025 5711 2 daqiqa
Rossiya fuqarosi, BTC-e onlayn almashinuvi asoschisi, Vashington va Moskva o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi paytida ozod qilingan Aleksandr Vinnik Rossiyaga qaytdi. Bu haqda bugun, 14 fevralga o‘tar kechasi TASS va Interfaks agentliklari xabar berdi.
Ularga ko‘ra, rossiyalik Istanbuldan samolyotda olib ketilgan. Mitsubishi Challenger samolyoti Moskvadagi Vnukovo xalqaro aeroportiga qo‘ngan. AQSHdan parvoz ikki bosqichda amalga oshirilgan – dastlab Turkiyaga va Istanbuldan Moskvaga.
Aleksandr Vinnik 2017 yilning yozida oilasi bilan dam olayotgan Gretsiya shimolida AQSH talabi bilan qo‘lga olingan edi. Erkak tovlamachilik, shaxsni o‘g‘irlash va giyohvand moddalar savdosiga yordam berishda ayblangan. 2024 yilda u pul yuvish uchun fitna uyushtirganlikda aybini tan oldi.
Ilgari BTC-e kunlik aylanmasi 66 million dollar bo‘lib, dunyodagi eng yirik kripto-platformalarning o‘ntaligiga kirgan. Anonim hisoblardan savdo qilishga ruxsat bergani sababli, butun BTC-e aylanmasi AQSH rasmiylari tomonidan noqonuniy deb topilgan. Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, Aleksandr Vinnik 2024 yilning 1 avgustida Rossiya, AQSH va boshqa G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslarni ayirboshlash bitimiga qo‘shilishni istagan.
Avvalroq, 2025 yilning 11 fevralida Rossiya AQSH fuqarosi Mark Fogelni qamoqdan ozod qildi. Amerikalik Sheremetevoda 2021 yil 15 avgustda qo‘lga olingan. Unga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni kontrabanda va qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish va ishlab chiqarishda ayblangan. Fogel Angliya-Amerika maktabida dars bergan va AQSHning Moskvadagi elchixonasi xodimi bo‘lgan. 2021 yilning mayigacha u diplomatik maqomga ega edi.

2022 yilda Fogel giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, 14 yilga qattiq rejimli qamoq jazosiga hukm qilindi. Amerikalik umurtqa operatsiyasidan keyin tibbiy sabablarga ko‘ra marixuana ishlatganini da’vo qiladi.
AQSH Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts Fogelning ozod etilishini “Rossiya tomonining xayrixohligi va Ukrainadagi shafqatsiz va dahshatli urushni to‘xtatish uchun to‘g‘ri yo‘ldan borayotganimiz belgisi” deb atadi. Oq uy, shuningdek, AQSH fuqarosining ozod etilishi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida o‘t ochishni to‘xtatish haqida xabar berishi mumkinligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 12 fevral kuni AQSHning Litvadagi elchisi Kara Makdonald Belarus ham bir AQSH fuqarosi va yana ikki mahbusning qamoqdan ozod etganini ma’lum qilgandi. Sobiq mahbuslar Litvaga olib ketilgan.