Monarxiyaga qarshi chiqqan Raisiyning siyosat yo‘li qanday o‘tdi?
Tahlil
−
20 may
18679Kecha, 19 may kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinida qulab tushgandi. Bugun mamlakat Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivand vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lganini e’lon qildi. Xo‘sh, Raisiy kim edi va uning siyosat yo‘li qanday o‘tdi?
Monarxiyaga qarshi chiqqan Raisiy
Ibrohim Raisiy 1960 yil 14 dekabrda Mashhadda dindor oilada tug‘ilgan. U Muhammad payg‘ambar avlodlariga mansubligini bildiruvchi Sayid degan sharafli unvonga ega edi.
1975 yilda Qum shahridagi seminariyaga o‘qishga kirgan. Uni tugatgandan so‘ng universitetda xalqaro xususiy huquq bo‘yicha tahsil olgan.
U talabalik yillarida monarxiyani ag‘darish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan va 1978-1979 yillardagi islom inqilobida (Eronda monarxiyaning bekor qilinishiga va Eron Islom Respublikasining e’lon qilinishiga olib kelgan voqealar) ishtirok etgan.
Davlat xizmatida
1980 yilda Ibrohim Raisiy Kerej shahri (Tehron chekkasi) sud idorasiga ishga kirgan va birmuncha vaqt o‘tgach, bu shahar prokurori bo‘ldi. 1982-1984 yillarda mamlakat shimoli-g‘arbidagi Hamadon shahri prokurori bo‘lgan. 1985 yilda Tehron prokurori o‘rinbosari etib tayinlangan.
1988 yilda Eron oliy rahbari Ruhulloh Xumayniy qarori bilan Kirmonshoh, Semnan va Luriston viloyatlarida diniy va huquqiy masalalarni hal qilish uchun maxsus vakolatlarga ega bo‘ldi.
1989 yilda Tehron prokurori bo‘ldi va bu lavozimda 1994 yilgacha ishladi. Keyin 10 yil davomida Eron Bosh inspeksiyasini boshqargan (ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan umumiy nazoratni amalga oshiradi).
2004-2014 yillarda Raisiy Oliy sud raisining tashkiliy va boshqaruv masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2014-2016 yillarda Eron Bosh prokurori bo‘lgan. 2016 yilda u mamlakatdagi eng yirik musulmon diniy jamg‘armasi – “Astana Qodse Razaviy” rahbari lavozimini egallagan.
2019 yilda Raisiy mamlakat Oliy sudini boshqargan.
Prezident saylovlari
Ibrohim Raisiy ilk bor 2017 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, biroq ikkinchi muddatga qayta saylangan Hasan Ruhoniyga yutqazgan (38 foiz, Ruhoniy 57 foiz).
2021 yil 18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda u 60 foizdan ko‘proq ovoz bilan g‘alaba qozongan (Mohsen Rizoiy 11,5 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan). Shu bilan birga, saylovchilarning ishtiroki 48,8 foizni tashkil etdi – bu Eronning zamonaviy tarixidagi rekord darajada past. U 5 avgust kuni lavozimga kirishdi.
Raisiy o‘ta konservativ siyosiy qanotga tegishli edi. U G‘arb bilan munosabatlarda qattiqqo‘l edi, biroq Eron yadroviy kelishuvining tiklanishiga e’tiroz bildirmadi (Eron va olti xalqaro vositachi o‘rtasida Eron yadro dasturini tartibga solish bo‘yicha 2015 yilgi kelishuv, buning evaziga sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlashni nazarda tutgan. Tehronning yadroviy faoliyatini cheklash bo‘yicha majburiyatlari 2018 yilda AQSHdan chiqib ketganidan keyin o‘z faoliyatini to‘xtatdi).
Raisiy saylovoldi dasturida qashshoqlikni kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi masalalarga e’tibor qaratgan va to‘rt yil ichida muhtojlar uchun to‘rt million yangi uy qurishga va’da bergan.
Oilasi
Raisiyning rafiqasi Jamila Alamolxoda – falsafa fanlari doktori, yozuvchi. U Madaniy inqilob Oliy Kengashining pedagogika komissiyasiga rahbarlik qiladi. Raisiyning ikki nafar qizi bor.
O‘zbekistonga kelgan Raisiy
2023 yilning 9 noyabr kuni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy rafiqasi Jamila Alamolxoda hamrohligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining XVI sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. Oliy martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib olgandi.
LiveBarchasi